“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev kommunal xo‘jaligi sohasini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Kommunal xo‘jaligi sohasi mustaqil tarmoq sifatida jadal rivojlanayotganiga qaramay, ushbu sohada ko‘p yillik samarali mehnat qilib kelayotgan xodimlarni davlat darajasida rag‘batlantirish tizimini zamon talablariga muvofiq takomillashtirish zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.
Qonun bilan amaldagi “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni o‘rniga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvon ta’sis etilmoqda.

Qonunga muvofiq mazkur faxriy unvon kommunal xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan, ko‘p yillik samarali mehnati, yuksak kasbiy mahorati, tashabbuskorligi va fidokorligi bilan aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirishga alohida hissa qo‘shgan xodimlarga beriladi.
Qonun bilan yangi faxriy unvon ko‘krak nishonining tavsifi ham tasdiqlanmoqda. Unda kommunal xo‘jaligi sohasining o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalovchi ramzlar aks ettirilgan bo‘lib, bu davlat mukofotining mazmun-mohiyatini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Senatorlar ma’qullagan qonun kommunal xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlarning fidokorona mehnatini munosib qadrlash hamda ularning kasbiy nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Абдураимова, O‘zA