O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jinoyat ishlari yutilidagan til prinsipini ta’minlash kafolati
2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 139-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda yoxud qonunga muvofiq boshqa tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
Jinoyat ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.
Ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada tushunmaydigan protsess ishtirokchilariga o‘z ona tilida yoki o‘zi biladigan boshqa tilda og‘zaki yoki yozma arz qilish, ko‘rsatuv va tushuntirishlar berish, iltimosnoma va shikoyatlar bilan murojaat qilish, sudda so‘zlash huquqi ta’minlanadi. Bunday hollarda, shuningdek ish materiallari bilan tanishish vaqtida protsess ishtirokchilari qonunda belgilangan tartibda tarjimon xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoki protsessda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taqdim etilishi lozim bo‘lgan tergov va sud hujjatlari ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilib berilishi lozim.
Inson huquq va erkinliklari, uning shaxsiy daxlsizligi, shu bilan birga teng huquqlilik masalasi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida eng asosiy masalalardan biri sifatida mustahkamlangan. Mamlakatimiz jinoyat protsessual qonunchiligida jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlov fuqarolarning, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.
Jinoyat ishlarini yuritishda ishtirok etayotgan taraflarning huquq va majburiyatlari, ularning ish yuritishdagi huquqiy maqomi jinoyat-protsessual qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingan. Jinoyat ishini yuritish uchun mas’ul bo‘lgan barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar jinoyat protsessida qatnashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishi Jinoyat-protsessual qonunchilikdagi asosiy prinsip qoidalaridan biri hisoblanadi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, jinoyat ishlarini yuritish jarayonida ishtirok etayotgan ish yuritilayogan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada tushunmaydigan protsess ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlangan qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ish yuritilayotgan tilni biladigan protsess ishtirokchilari bilan ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan boshqa millat va elat vakillari hisoblanmish protsess ishtirokchilarining teng huquqlilik prinsipi asosida jinoyat protsessining tegishli bosqichlarida ishtirok etishiga sharoit yaratish jinoyat ishlarini yuritish jarayoni yakunida adolatli qaror qabul qilinishiga xizmat qiladi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizda boshqa tillarda so‘zlashuvchi bir nechta millat vakillari yashab kelmoqda. Ularning huquqlarini ta’minlash masalasi davlat ustuvor vazifalaridan bo‘lib, bu esa qator normativ hujjatlarda mustahkamlangan.
Respublikamiz tarixan ko‘p millatli davlat hisoblanadi. Boshqa millat vakillarining huquqlarini ta’minlash, ularga turli sohalarda faoliyat olib borish, tegishli qulayliklar yaratish, ularning manfaatlarini himoya qilish doim e’tiborda bo‘lgan. Respublikamiz Konstitutsiyasi va qonunlarida barcha millat vakillarining teng huquqliligi mustahkamlangan, millatparvar xalq sifatida boshqa sohalarda bo‘lgani kabi jinoyat ishini yuritish jarayonida ham turli millat vakillarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanib, urf-odat, an’analari doimo hurmat qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega mamlakat sanaladi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston doimiy aholisi tarkibida o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar va ruslar eng yirik etnik guruhlar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisining etnik tarkibi, jami aholi soniga nisbatan % hisobida o‘zbeklar 84,4%, qoraqalpoqlar 2,2%, ruslar 2,1%, qozoqlar 2,4%, tojiklar 4,9% va boshqa millat vakillari 4,1%ni tashkil qiladi.
1966 yil 19 dekabrda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 14-moddasi to‘rtinchi qismi “a” bandida “har bir kishining unga qo‘yilgan ayblov xarakteri va asoslari haqida u tushunadigan tilda darhol va batafsil xabardor etilishi” huquqi kafolatlangan.
Jinoyat ishlari yuritiladigan tilni bilmaydigan ishtirokchilar jinoyat ishlari yuritiladigan til prinsipi qoidasining amalga oshirilishi bilan dalillarni taqdim etish, ularni tekshirishda ishtirok etish, iltimosnomalar bilan murojaat qilishda ham teng imkoniyatlarga ega bo‘ladilar. Shunday ekan, shu yo‘l bilan tomonlar huquqlarining protsessual tengligi ta’minlanadi.
Jinoyat ishlari yuritiladigan tilning jinoyat protsessi prinsipi darajasiga ko‘tarilishi uning jinoyat-protsessual harakatlarni amalga oshirishda nihoyatda muhim ekanligidan dalolat beradi. Dastlabki tergov va sud muhokamasi yuritiladigan til prinsipi jinoyat sudlov ishlarini yuritish maqsadlariga erishish uchun birlamchi ahamiyat kasb etadi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya mazkur huquqlarni buzmasliklari, bunday huquq sub’ektlariga ushbu huquqlarini amalga oshirishlarida yordam berishlari shart. Shubhasiz, tarjima qilingan hujjatlarni nafaqat ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki protsessning boshqa ishtirokchilariga berilishi haqidagi qoida jinoyat-protsessual qonunchilikning ijobiy tomonlaridan biri sanaladi.
JPKga asosan, jinoyat ishlarini yuritish bosqichlarida istisnosiz barcha ishtirokchilar o‘z ona tilidan yoki o‘zlari biladigan boshqa tildan, shuningdek qonunda ko‘zda tutilgan hollarda tarjimon yordamidan foydalanishga haqlidirlar.
Shunday qilib, jinoyat ishlari yuritiladigan til prinsipini amalga oshirish jinoyat protsessining boshqa prinsiplari bilan bir qatorda, jinoyat ishlarini yuritish bosqichida haqiqatni aniqlashning yuridik kafolatlaridan biridir. Haqiqatning aniqlanishi esa, o‘z navbatida, fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlaydi.
TDYUU, Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi mudiri I.Djurayev