O‘zbekiston - Qatar: Iqtisodiy diplomatiyaning yangi yutug‘i
O‘zbekiston va Qatar munosabati bugungi kunda nafaqat ikki tomonlama hamkorlik, balki Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi yangi geoiqtisodiy bog‘liqlik modeli sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi ana shu jarayonning navbatdagi muhim bosqichidir. Mazkur voqea ikki mamlakat oliy darajadagi muloqoti izchil davom etayotgani, Toshkent va Doha o‘rtasidagi siyosiy ishonch yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotgani dalilidir.
O‘zA muxbiri Fors ko‘rfazidagi ushbu davlat bilan munosabat istiqboli xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojini tadqiq etish ilmiy tahlil markazi direktori Adhamjon Mamajonov bilan suhbatlashdi.
– O‘zbekiston va Qatar munosabatining bugungi holatiga qanday baho berasiz?
– Bu ikki davlat munosabatida siyosiy muloqot so‘nggi yillarda izchil faollashdi. Ayniqsa 2023-yil 2-oktabr kuni Doha shahridagi “Amiri Diwan” majmuasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasida muzokara o‘tkazilgani tarixiy voqea bo‘ldi. Uchrashuvda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Aynan shu voqea har ikki tomon o‘zaro aloqani yanada yuqori darajadagi strategik sheriklik bosqichiga olib chiqish tarafdori ekanini namoyon qildi. 2023-yil iyun oyida Qatar Amirining Samarqandga tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatda yana bir yangi sahifa ochdi. Bu jarayonda diplomatik infratuzilma kuchaytirilishi ham alohida ahamiyatga ega. Doha shahrida O‘zbekiston elchixonasi ochilgani faollikni oshirish, sarmoyaviy loyihalarni muvofiqlashtirish, biznes aloqalarini kengaytirish va madaniy-gumanitar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim institutsional asos bo‘ldi.
2025-yil 4-noyabr kuni Doha shahrida O‘zbekiston Prezidenti va Qatar Amiri o‘rtasida yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tib, strategik sheriklikni chuqurlashtirish, ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish mavzulari ko‘tarildi.
Demak, bu galgi tashrifning asosiy siyosiy mazmuni – mavjud ishonchni yanada chuqurlashtirish, oldingi kelishuvlar ijrosini ko‘rib chiqish, amaliy loyihalarni jadallashtirish va O‘zbekiston – Qatar strategik sherikligini uzoq muddatli institutsional mexanizm bilan mustahkamlashdan iborat.
– Qatar sarmoyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday hissa qo‘shmoqda? Global energetika va sarmoyaviy diplomatiya haqida ham gapirib bersangiz.
– Qatar O‘zbekiston uchun oddiy hamkor emas, balki energetika, suveren investitsiya, xalqaro moliya, vositachilik diplomatiyasi, yuqori sifatli infratuzilma va global xizmat iqtisodiyoti bo‘yicha ulkan tajribaga ega mamlakat. Shu bois Doha bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatida alohida strategik ahamiyat kasb etadi.
O‘z taraqqiyotini “Qatar National Vision-2030” dasturi asosida olib borayotgan Qatar Hukumat kommunikatsiyasi idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2008-yil boshlangan ushbu strategik qarash mamlakatni bilimga asoslangan, barqaror va farovon jamiyatga aylantirish maqsadini ko‘zlaydi. Dastur inson taraqqiyoti, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik rivojlanish kabi to‘rt ustunga tayanadi.
Ayni yondashuv “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” bilan ma’lum darajada uyg‘un. Har ikki mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sarmoya muhitini yaxshilash, zamonaviy infratuzilma yaratish va barqaror rivojlanishga erishish ustuvor maqsad sifatida qabul qilingan.
Qatar global energetika bozorida ham muhim o‘ringa ega. Rasmiy manbalarda qayd etilishicha, “North Field Expansion” loyihasi doirasida mamlakat LNG ishlab chiqarish quvvatini 2030-yil 142 million tonnaga yetkazishni rejalashtirgan. Hozirgi darajadan qariyb 85 foiz ko‘p bu raqam respublikamiz uchun ikki jihatdan muhim. Birinchidan, Qatar energiya infratuzilmasini yirik ko‘lamda boshqarish tajribasiga ega. Ikkinchidan, Qatar energetika va investitsiya diplomatiyasini uyg‘unlashtira olgan. Shu bois mamlakatimiz energetika tizimini takomillashtirish, elektr toki ishlab chiqarish quvvatini oshirish, “yashil” energetika loyihalarini yo‘lga qo‘yish va quvvat saqlash tizimini yaratishda Qatar tajribasi, kapitali beqiyos ahamiyatga ega.
O‘zbekiston – Qatar iqtisodiy hamkorligining eng muhim va aniq natija berayotgan yo‘nalishlaridan biri energetikadir. Bu sohada hamkor davlat korxonalarining yurtimizdagi ishtiroki allaqachon amaliy bosqichga chiqqan. Qatar kompaniyasi ishtirokida Sirdaryo viloyatida bug‘-gaz texnologiyasi asosida quvvati 1,6 GVt zamonaviy elektr stansiyasi loyihasi ishlab chiqilgan. Surxondaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga tayyorgarlik yakunlanmoqda. Toshkent viloyatida quvvati 600 MVt quvvat saqlash tizimi yaratish hamda Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish rejasi ham ko‘rib chiqilgan. Mazkur loyihalar iqtisodiy diplomatiya asl natijaga aylanganini ko‘rsatadi. Zero, energetika O‘zbekiston iqtisodiy modernizatsiyasining asosiy shartlaridan biridir.
– Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– O‘zbekiston va Qatar savdo aloqalari so‘nggi yillarda keskin o‘sib, 2025-yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 45 foiz oshdi. Biz arab bozoriga meva-sabzavot, quritilgan meva, dukkakli, go‘sht va parranda mahsulotlari, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, qurilish va tayyor sanoat materiallari yetkazib berish imkoniga egamiz. Qatar esa energetika, infratuzilma, moliya, mehmonxona biznesi, logistika, raqamli xizmat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida muhim investitsiyaviy sherigimiz bo‘la oladi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikda eng dolzarb masala – oziq-ovqat xavfsizligi va halol eksport zanjirini shakllantirish. Qatar oziq-ovqat mahsulotlarini asosan import qiladi. O‘zbekiston esa sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish salohiyatiga ega. Agar mahsulotlarimiz ushbu arab davlati bozoriga xalqaro “Halol” standarti, zamonaviy qadoqlash, sovuq zanjir logistika tizimi va barqaror yetkazib berish mexanizmi asosida olib kirilsa, Doha yakuniy bozor emas, balki boshqa Fors ko‘rfazi mamlakatlariga chiqish nuqtasiga ham aylanishi mumkin.
– Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston xalqaro transport yo‘laklarini ko‘paytirshga alohida e’tibor qaratmoqda. Qatar bilan hamkorlik aynan shu nuqtada biz uchun yangi strategik imkoniyat yaratadi. Doha global aviatsiya, dengiz logistikasi va tranzit xizmatida muhim markaz hisoblanadi.
O‘zbekiston uchun Qatar orqali Fors ko‘rfazi, Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoni mavjud. Bunda nafaqat tovar tashish, balki eksportni moliyalashtirish, sertifikatlash, logistika sug‘urtasi, omborxona xizmati, reeksport va savdo vakolatxonalari muhim ahamiyatga ega.
Yana bir muhim yo‘nalish – islom moliyasi. Bugungi dunyoda islom banki xizmati, sukuk obligatsiyasi, shariatga muvofiq keladigan investitsiya fondi va infratuzilmani moliyalashtirish mexanizmi tobora kengaymoqda. Qatar bu borada o‘ziga xos tajribaga ega. O‘zbekiston esa moliya va kapital bozorini rivojlantirish, xususiy sektor uchun muqobil pul manbasi yaratish va xalqaro sarmoyadorlar uchun qulay huquqiy muhit shakllantirish yo‘lidan bormoqda. Ya’ni, Qatar banklari va moliyaviy institutlari bilan sheriklik ayni sohani rivojlantirishga yordam beradi.
Xulosa shuki, ikki davlat rahbarlari muloqoti davlatlarimiz munosabatida yangi amaliy bosqichni boshlab, o‘zaro siyosiy ishonchni yanada mustahkamlab, oldingi kelishuvlar ijrosini jadallashtirib, yangi loyihalarga keng yo‘l ochadi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.