Ko‘p kvartirali uylar boshqaruvi yangicha tizimga o‘tmoqda
Mamlakatimizda kommunal xizmatlar tizimini modernizatsiya qilish, ko‘p kvartirali uylarni samarali boshqarish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bu borada erishilgan natijalar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida tashkil etilgan «Ochiq eshiklar kuni» tadbirida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillariga taqdim etildi.
Tadbirda sohani raqamlashtirish, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish, issiqlik ta’minoti, ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bugungi kunda respublikada 45 ming 663 ta ko‘p kvartirali uyda 1,6 millionga yaqin xonadon bo‘lib, ularda 7 milliondan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Ushbu uylarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida so‘nggi yillarda boshqaruv tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, 90 milliard so‘mdan ziyod investitsiya jalb etildi. Ayni paytda sohada 18 ming 808 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.
[gallery-30438]
Joriy yilning birinchi yarim yilligida 4 ming 339 ta ko‘p kvartirali uyda 172,4 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida esa 6 ming 686 ta uyda tomlar, muhandislik tarmoqlari, kirish yo‘laklari va elektr jihozlarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Energiya tejamkorlikni ta’minlash maqsadida uylarni bazalt qoplamasi bilan issiqlik izolyatsiya qilish ishlari kengaymoqda. 2025–2026-yillarda 1 ming 617 ta uyni izolyatsiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning o‘zida 538 ta uyda bu ishlar bajarildi.
Lift xo‘jaligini modernizatsiya qilish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Joriy yilda 750 ta liftni ta’mirlash va yangilash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 542 ta lift foydalanishga tayyor holatga keltirildi.
Sohada raqamli boshqaruv mexanizmlari ham keng joriy etilmoqda. «Mening uyim» axborot-billing tizimi orqali mulkdorlar kommunal to‘lovlarni onlayn amalga oshirish, xizmatlar haqida ma’lumot olish, boshqaruv kompaniyalari hisobotlari bilan tanishish, elektron murojaat yuborish va ularning ijrosini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. «Turar joy» milliy axborot tizimi esa ko‘p kvartirali uylarning texnik holati haqidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish imkonini bermoqda.
Issiqlik ta’minoti tizimi ham bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda 16 ming 610 ta ko‘p kvartirali uy, 761 mingdan ortiq xonadon va 2 ming 543 ta ijtimoiy ob’ekt markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlanmoqda. Bu jarayonda 555 ta qozonxona hamda 3 ming 784 kilometr issiqlik tarmoqlari xizmat ko‘rsatmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda sohada 150 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 173 ta qozonxona va 1 ming 274 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi, rekonstruksiya qilindi yoki ta’mirlandi. Buning natijasida 3 ming 800 dan ortiq ko‘p kvartirali uy hamda 371 ta ijtimoiy ob’ektning issiqlik ta’minoti yaxshilandi.
—2026-yil investitsiya dasturi doirasida birinchi yarim yillikda 71,8 kilometr issiqlik tarmog‘i qurilib, 19 ta yangi isitish qozoni o‘rnatildi, — deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. — Yil yakuniga qadar yana 153,7 kilometr tarmoq va 61 ta qozonni ishga tushirish rejalashtirilgan. Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda 31 milliondan ortiq aholi, ya’ni mamlakat aholisining 82,8 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Shuningdek, 8,3 million nafar aholi oqova suv xizmatlaridan foydalanmoqda.
So‘nggi sakkiz yilda sohaga 20 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, 36 ming kilometr suv tarmoqlari hamda 3,5 mingdan ziyod inshoot barpo etildi. Ayni paytda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik 23 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/wRoVhiDS8lU?si=-FqrTAAE16W9ebx0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat),
Oybek Davronov (video),
O‘zA