O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro nufuzi oshmoqda
"Quacquarelli Symonds" xalqaro reyting agentligi tomonidan “QS World University by Subject Rankings 2026” natijalari e’lon qilindi.
Natijalarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti 4 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning eng kuchli universitetlari qatoridan joy oldi.
“Arxeologiya” yo‘nalishi ilk bor reytingdan o‘rin olib, unda O‘zMU 201–260 o‘rinda qayd etildi. “Matematika” yo‘nalishidagi xalqaro natijalar 100 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, 301–350 o‘rinni egalladi.
“Lingvistika” yo‘nalishida O‘zMU ilk bor dunyoning kuchli 301–350 universitetlari qatoridan joy oldi.
“Fizika va astronomiya” yo‘nalishida esa avvalgiga nisbatan 200 pog‘ona yuqorilab, 401–450 o‘rinni egalladi.
Mazkur natijalar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi sifatida muhim ahamiyatga ega. Xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash nafaqat universitet nufuzini oshiradi, balki ilmiy salohiyat, ta’lim sifati va xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishda ham muhim omil hisoblanadi.
N.Rahmonova,
O‘zA