ICAMNSM – 2026: materialshunoslik va barqaror energetika sohasidagi ilmiy izlanishlar
Poytaxtimizda “Barqaror rivojlanish uchun ilg‘or materiallar, nanotexnologiyalar va quyosh materialshunosligi” (ICAMNSM – 2026) mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Materialshunoslik instituti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda materialshunoslik, nanotexnologiyalar, quyosh energetikasi va vodorod texnologiyalari sohalaridagi so‘nggi ilmiy yutuqlar, istiqbolli tadqiqotlar hamda ularning amaliy ahamiyati muhokama qilindi.
Bugungi kunda ilg‘or funksional materiallarni yaratish elektronika, energetika, metallurgiya, mashinasozlik va aerokosmik sanoat kabi yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois materialshunoslik sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy natijalarni ishlab chiqarishga joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Konferensiyaning birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda energetika va elektronika uchun yangi avlod materiallari, yuqori entropiyali qotishmalar, kompozitsion va nanostrukturali materiallar, ikki o‘lchamli materiallar, jumladan, grafen va MXene, shuningdek, nanokompozitlar hamda funksional qoplamalarga oid ilmiy izlanishlar muhokama qilindi.
Mazkur tadqiqotlar yangi xususiyatlarga ega materiallarni yaratish, ularning qo‘llanish imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mustahkam ilmiy asos yaratishga qaratilgani ta’kidlandi.
Anjuman o‘z ishini Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Materialshunoslik institutining Katta quyosh qurilmasi bazasida davom ettirdi.
Ikkinchi kun dasturidan “Istiqbolli materiallarni olish va qayta ishlash uchun konsentrlangan quyosh energiyasi va quyosh pechlari” mavzusidagi maxsus yalpi majlis o‘rin oldi. “Azimov o‘qishlari” doirasida tashkil etilgan ushbu majlisda konsentrlangan quyosh energiyasidan yuqori haroratli texnologik jarayonlarda foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, quyosh energetikasi uchun yangi materiallar yaratish, kam uglerodli texnologiyalarni rivojlantirish, konsentrlangan quyosh nurlanishi ta’sirida materiallarning xususiyatlarini tadqiq etish, quyosh-termik usullar yordamida ularni olish, eritish, sintez qilish va modifikatsiyalashga doir ilmiy ishlanmalar taqdim etildi.
“Barqaror energetika va vodorod texnologiyalari uchun materiallar” mavzusidagi yalpi majlisda esa vodorod ishlab chiqarish, uni saqlash va tashish, yuqori samarali elektrokatalizatorlar, yoqilg‘i elementlari hamda yangi avlod akkumulyatorlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislar tomonidan energiya ishlab chiqarish va saqlash samaradorligini oshirish, resurslar sarfini kamaytirish, sanoatda uglerod chiqindilarini qisqartirishga xizmat qiluvchi materiallar va texnologiyalarni ishlab chiqishning ahamiyati qayd etildi.
Anjumanda fundamental tadqiqotlar natijalarini amaliy ishlanmalar va sanoat texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro tadqiqot jamoalarini shakllantirish, yosh olimlar va mutaxassislarning ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, materialshunoslik sohasini rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyotini texnologik modernizatsiya qilish, mahalliy xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda milliy sanoatning raqobatbardoshligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
[gallery-32244]
Xalqaro konferensiya mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba va innovatsion ishlanmalar almashinuvini kengaytirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarga zamin yaratish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Anjuman doirasida bildirilgan taklif va tashabbuslar mamlakatimizda materialshunoslik sohasini 2035-yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va xalqaro ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Kamola YUSUPOVA,
Asliddin ALIJONOV (surat), O‘zA