O‘zbekiston mehnat bozori transformatsiyasi: yangi tendensiyalar va innovatsion HR muhokama qilinmoqda
Poytaxtda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamkorligida “O‘zbekiston mehnat bozori transformatsiyasi: yangi tendensiyalar, asosiy o‘zgarishlar va innovatsion HR” forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Mehnat bozorini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, inson kapitali salohiyatini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va mehnat munosabatlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan mazkur forum davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, tijorat banklari, xususiy sektor, HR sohasi mutaxassislari, rekruting kompaniyalari, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamladi.
Forum doirasida mehnat bozoridagi yangi tendensiyalar, innovatsion HR boshqaruvi, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, xalqaro HR standartlari, inson kapitalini rivojlantirish hamda davlat va xususiy sektor hamkorligining yangi mexanizmlari muhokama qilinmoqda.
Tadbirda mehnat sohasini raqamlashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar ham taqdim etildi. Jumladan, “Oson Ish” platformasi, “Skill Up” loyihasi, mamlakat mehnat bozoriga oid eng so‘nggi tahliliy ma’lumotlar hamda mehnat qonunchiligini keng jamoatchilik uchun sodda va tushunarli shaklda izohlashga mo‘ljallangan “Mehnat kodeksiga sharh” elektron platformasi ishtirokchilarga tanishtirildi. Mazkur loyiha Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi moliyaviy ko‘magida ishlab chiqilgan bo‘lib, mehnat qonunchiligiga oid huquqiy savodxonlikni oshirish va qonunchilikdagi yangiliklarni tezkor yetkazishga xizmat qiladi.
Forum doirasida mehnat munosabatlari, ijtimoiy kafolatlar, mehnat qonunchiligi amaliyoti, tijorat banklari faoliyatidagi yangi yondashuvlar yuzasidan ochiq muloqotlar va panel sessiyalari tashkil etilmoqda. Shuningdek, 30 dan ortiq tijorat banki ishtirokida mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, qariyb 1 000 ta bo‘sh ish o‘rni ish izlayotgan fuqarolarga taklif qilinmoqda.
Mazkur forum mehnat bozorini zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlantirish, inson kapitali salohiyatini mustahkamlash, ilg‘or HR yechimlarini ommalashtirish hamda davlat, biznes va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi muloqotni yanada kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim maydon sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA