Sifatsiz armatura mahsulotlari utilizatsiya qilindi
Qurilish sohasida xavfsizlik va mustahkamlik eng oliy mezon hisoblanadi.
Bozorga sifatsiz yoki texnik talablarga javob bermaydigan qurilish materiallarining kirib kelishi insonlar hayoti va inshootlarning mustahkamligiga bevosita tahdid soladi. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan doimiy o‘rganishlar va davlat nazorati tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ana shunday navbatdagi tekshiruv tadbiri Inspeksiyaning Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi tomonidan “VBV” MCHJda o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan 12 mm va 14 mm diametrli, A400 sinfli davriy profilli armatura prokati mahsulotlaridan namunalar olinib, belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. Sinov natijalariga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning “Metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglament hamda “Tekis va davriy profilli armaturali prokat” texnik shartlari talablariga nomuvofiqligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Inspeksiya xodimlari tomonidan qat’iy choralar ko‘rilib, standart talablariga javob bermaydigan armatura mahsulotlarini realizatsiya qilish vaqtincha taqiqlandi. Shuningdek, xavfsizlik talablariga mos kelmaydigan mahsulotlarni belgilangan tartibda utilizatsiya qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA