O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘smoqda
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston iqtisodiyoti yaqin ikki yilda barqaror o‘sishni saqlab qolishini prognoz qildi. Bankning 2026-yil aprel oyida e’lon qilingan «Osiyo rivojlanish istiqbollari» (ADO) hisobotiga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2026-yilda 6,7 foizga, 2027-yilda esa 6,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur prognozlar 2026-yil 10-mart holatiga ko‘ra shakllantirilgan bo‘lib, Yaqin Sharqdagi vaziyat barqarorlashishi ehtimoli hamda tashqi noaniqliklar hisobga olingan.
Hisobotda qayd etilishicha, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida kutilganidan yuqori o‘sish qayd etilgan. Barcha asosiy tarmoqlardagi ijobiy ko‘rsatkichlar natijasida iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil etgan.
Xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylangan. Ushbu tarmoq 14,7 foizga o‘sgan bo‘lib, bunda savdo, logistika, raqamli xizmatlar va turizm sohalarining rivojlanishi muhim rol o‘ynagan.
Sanoat sohasida ham barqaror o‘sish kuzatilib, qurilishdan tashqari sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foizga oshgan. Qurilish sohasida uy-joy va infratuzilma loyihalariga kiritilgan investitsiyalar natijasida 14,2 foizlik o‘sish qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi tarmog‘i esa o‘simlikshunoslik va chorvachilikdagi barqaror o‘sish hisobidan 4,4 foizga oshgan.
OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Arayaning ta’kidlashicha, mamlakat iqtisodiyoti barqaror ichki talab, yuqori investitsiyalar va izchil tarkibiy islohotlar hisobiga mustahkam pozitsiyani saqlab qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida xususiy sektorga asoslangan samarali o‘sishga o‘tish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda ichki talab iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘lib xizmat qilgan. Aholi real daromadlari 9,2 foizga, investitsiyalar hajmi esa 10,5 foizga oshgan.
Shu bilan birga, inflyatsiya darajasi ham pasaygan. Xususan, 2024-yilda 9,8 foizni tashkil etgan inflyatsiya 2025-yilda 7,3 foizga tushgan. Bu qat’iy pul-kredit siyosati, valyuta kursining barqarorlashishi va xarajatlar bosimining kamayishi bilan izohlanmoqda.
OTB prognozlariga ko‘ra, inflyatsiya pasayishi davom etadi. Jumladan, 2026-yilda inflyatsiya 6,5 foizni tashkil etishi, 2027-yilga borib esa Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga yaqinlashishi kutilmoqda. Biroq, energiya tariflari o‘zgarishi va oziq-ovqat ta’minotidagi xavflar ushbu jarayonga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hisobotda byudjet taqchilligi ham qisqargani qayd etilgan. Ijtimoiy xarajatlar saqlab qolingan holda byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,1 foizgacha kamaygan. Eksport, turizm tushumlari va pul o‘tkazmalari o‘sishi tashqi iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlagan.
Shuningdek, davlat korxonalarini isloh qilish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish iqtisodiyotni yanada transformatsiya qilishning muhim yo‘nalishlari sifatida qayd etilgan. Ushbu jarayonlar raqobatbardoshlikni oshirish, investitsiyalar jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA