Energetika islohoti yangi bosqichda: strategik tadqiqot natijasi taqdim etildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida O‘zbekiston energetika xavfsizligiga bag‘ishlangan yakuniy hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Nippon jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tadqiqot natijasi hamda loyiha monografiyasi taqdim etildi. Mamlakatimiz energetika tizimidagi transformatsiya jarayoni, barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik istiqboli muhokama qilingan mazkur anjumanda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Ochilish sessiyasida so‘zga chiqqan mutasaddilar energiya manbalarini diversifikatsiya qilish, infratuzilmani modernizatsiyalash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Loyiha rahbari Hayotjon Ibragimov tadqiqotning milliy energetika siyosatidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Sho‘’ba yig‘ilishlarida islohotlarning huquqiy asosi, tarif siyosati, investitsiya, qayta tiklanuvchi energiya va atom energetikasi masalalari atroflicha tahlil qilindi. Markaziy Osiyo energetika bozori integratsiyasi, xususan Afg‘onistonning tranzitdagi roli va transchegaraviy hamkorlik istiqboli ham muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, suv-energetika bog‘liqligi va iqlim o‘zgarishi ta’siri bilan bog‘liq dolzarb xatarlar ham ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar mintaqaviy barqarorlik uchun resurslarni birgalikda boshqarish muhimligini qayd etdi.
[gallery-28704]
Anjuman yakunida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligini mustahkamlash, tizimni diversifikatsiya qilish hamda uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash yo‘lida tahliliy hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Musulmon Ziyo,
Farxod Abdurasulov (surat), O‘zA