O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish modelining o‘ziga xosligi aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
Yosh, faol va tez o‘sib borayotgan aholi O‘zbekistonning muhim ustunliklaridan biridir. Bu tadbirkorlik, texnologiyalar, servislar va sanoatni rivojlantirishning uzoq muddatli bazasidir.
Ammo demografik o‘sish o‘z-o‘zidan muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Bu salohiyatni kuchli intellektual resurs – kompetensiyalarga, unumdorlikka, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar va texnologiyalar yaratish qobiliyatiga aylantirish kerak.
–Biz islohotlarimizning ilk davridanoq bozor samaradorligi va ijtimoiy mas’uliyatni uyg‘unlashtirishga harakat qilib kelyapmiz. O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish modelining o‘ziga xosligi aynan shu jihat bilan belgilanadi. O‘sish nafaqat tez sur’atlarda, balki barqaror, inklyuziv va odamlarning hayot sifatini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim.
Faqat so‘nggi 5 yilda aholining umumiy daromadlari 2,5 barobar oshdi. Biz uchun asosiy mezon bu yuqori hayot sifati, inson qadr-qimmati va har bir odamning salohiyatini ro‘yobga chiqarishdir.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aynan shu maqsadga erishishga xizmat qiladi. Ushbu davrga qadar biz aholi daromadlarini o‘rtachadan yuqori darajaga ko‘tarish, barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, iqtisodiyot hajmini yana bir yarim barobar – 240 milliard dollardan ko‘proqqa oshirish niyatidamiz, – dedi Prezidentimiz.
O‘zA