Iqtisodiy transformatsiya davri: Markaziy Osiyo yangi global iqtisodiy faollik markazi sifatida
Ta’kidlash kerakki, Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PXIF) qariyb o‘ttiz yil davomida iqtisodiyot, investitsiyalar va xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish bo‘yicha eng nufuzli xalqaro maydonlardan biri bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda PXIF davlatlar, biznes vakillari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida jahon iqtisodiyotining rivojlanishi hamda hamkorlikning yangi modellarini shakllantirish masalalari yuzasidan muloqot maydoni vazifasini bajarmoqda.
Joriy yilgi yig‘in “Pragmatik muloqot – barqaror kelajak sari yo‘l” shiori ostida o‘tkazildi. Forumda 130 dan ortiq davlatdan 20 mingdan ziyod vakillar ishtirok etdi. Ishtirokchilar orasida Xitoy, Braziliya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Afrika, Lotin Amerikasi va Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari ham bor. E’tiborlisi, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forumning faxriy mehmoni sifatida qatnashdi, delegatsiyamiz esa PXIF–2026 ishtirokchilari uchun keng qamrovli madaniy va biznes dasturini taqdim etdi.

Forumga bo‘lgan katta qiziqish nafaqat ishtirokchilar ko‘lami, balki muhokama qilinayotgan masalalarning dolzarbligi bilan ham ahamiyatli. PXIF–2026 dasturidan jahon iqtisodiyotining transformatsiyasi, xalqaro savdo, transport yo‘laklarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, energetika, sanoat va inson kapitaliga bag‘ishlangan 150 dan ortiq tadbir o‘rin oldi. Forum ishida BMT, MDH, OPEK, BRIKSning Yangi taraqqiyot banki, APEC va boshqa tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
Konferensiya ishtirokchilari tarkibi jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar va yangi global o‘sish markazlarining shakllanayotganini yaqqol namoyish etmoqda. Agar ilgari asosiy e’tibor RFning Yevropa bozorlaridagi an’anaviy hamkorligiga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda Osiyo, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi davlatlarining roli tobora ortib bormoqda. Shu fonda Markaziy Osiyo yangi Yevroosiyo arxitekturasida muhim o‘sish markazlaridan biri va strategik jalb etish hududi sifatida tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda.
Mintaqamizning ahamiyati ortib borayotganligi bir qator omillar bilan izohlanadi. Markaziy Osiyoda 80 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, u katta tabiiy resurslarga ega hamda tarixan Rossiya, Xitoy, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi strategik hudud sifatida muhim o‘rin tutib kelgan. Global logistika zanjirlarining o‘zgarishi va yangi transport yo‘nalishlarining shakllanishi sharoitida ushbu afzalliklarning ahamiyati yanada ortmoqda.

Bugungi kunda “Markaziy Osiyo+” formati mintaqa davlatlarining Rossiya, Xitoy, AQSH, Hindiston, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Yevropa Ittifoqi hamda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi kabi yirik xalqaro hamkorlar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yishning muhim mexanizmlaridan biriga aylandi. Ushbu format Markaziy Osiyo davlatlariga tashqi hamkorlar bilan tizimli muloqot olib borish va xalqaro jarayonlardagi rolini mustahkamlash imkonini bermoqda.
Shu nuqtai nazardan, Rossiya yo‘nalishi Markaziy Osiyo o‘lkalarining tashqi aloqalar tizimida muhim o‘rin tutishda davom etmoqda. Siyosiy muloqotning rivojlanishi savdo-iqtisodiy hamkorlikning kengayishi bilan birga kechmoqda. Ekspertlarning baholashicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra Rossiyaning mintaqa davlatlari bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 milliard AQSH dollariga yetgan bo‘lib, bu o‘zaro hamkorlik tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
RFning mintaqadagi eng yirik savdo hamkorlari Qozog‘iston va O‘zbekiston bo‘lib, 2025-yilda savdo hajmi mos ravishda 27,4 milliard va 13 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlik ham ijobiy sur’atlarni namoyon etmoqda. Shu bilan birga, hamkorlik tobora savdo doirasidan chiqib, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar, logistika, energetika, raqamli texnologiyalar va kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.
Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiy markazlaridan biri sifatidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra yurtimizning umumiy tashqi savdo aylanmasi 81 milliard AQSH dollaridan oshdi.
Biroq O‘zbekistonning mintaqaviy jarayonlardagi ahamiyati faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan belgilanmaydi. Respublika yangi hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishda faol ishtirok etib, tobora ko‘proq aniq integratsion loyihalarning tashabbuskori sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu ayniqsa, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Toshkent transport, sanoat kooperatsiyasi, energetika va innovatsion rivojlanish sohalaridagi tashabbuslarni izchil ilgari surmoqda.
Shu sababli davlatimiz rahbarining PXIF–2026 dagi ishtiroki alohida e’tiborni tortdi. Forum O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni namoyish etish va mamlakatning iqtisodiyot, investitsiyalar hamda sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi yangi imkoniyatlarini taqdim etish uchun muhim maydonga aylandi.
Sammit davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan iqtisodiy hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash va Buxoroda “Markaziy Osiyo – Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etish, “Agroekspress Markaziy Osiyo – Rossiya” loyihasini hamda Shimol – Janub xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish taklif etildi.
Energetika hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya an’anaviy hamda atom energetikasi, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyatga ega. Shu munosabat bilan Atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini tashkil etish va Rossiya hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida kompleks energetik hamkorlik dasturini ishlab chiqish takliflari katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Markaziy Osiyo – Rossiya” formati doirasida muhokama qilinayotgan tashabbuslar orasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy ekspert mexanizmlarini yaratish va innovatsion markazlar hamda IT-kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari ham mavjud.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi texnologik hamda sanoat hamkorligini kengaytirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda har yili o‘tkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi negizida “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu tashabbus Yevroosiyo hamkorligining kengroq tizimiga mantiqan uyg‘unlashadi. Agar PXIF hamkorlikning strategik qarashlarini shakllantirsa, “Markaziy Osiyo – Rossiya” formati ustuvor yo‘nalishlarning siyosiy muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi. “Innoprom. Markaziy Osiyo” esa biznes, hududlar, investorlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik orqali ushbu maqsadlarni amaliyotga tatbiq etish maydoni vazifasini bajaradi.
Joriy yil aprel oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan oltinchi “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi ushbu formatga bo‘lgan talab ortib borayotganini tasdiqladi. Uch kun davomida ko‘rgazmaga 35 davlatdan 11 mingdan ortiq vakil tashrif buyurdi. Unda Rossiyaning 500 dan ziyod kompaniyasi ishtirok etib, 64 ta hududi delegatsiyalari esa o‘z ko‘rgazmalarini taqdim etdi.
Bugungi kunda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida umumiy qiymati 47 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 330 dan ziyod qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Bu hamkorlikning an’anaviy savdodan uzoq muddatli investitsion va sanoat sheriklik modeliga o‘tayotganidan dalolat beradi.
PXIF–2026 Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro qiziqish yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, forum alohida ikki tomonlama tashabbuslardan qo‘shma investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport bog‘liqligini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga asoslangan tizimli hamkorlik modeliga bosqichma-bosqich o‘tilayotganligini namoyish etdi.
Shu fonda Markaziy Osiyo Yevroosiyoning muhim iqtisodiy faollik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlab bormoqda. O‘zbekiston esa ushbu yangi mintaqaviy kun tartibining amaliy mazmunini shakllantirayotgan davlatlardan biri sifatida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlamoqda.
Azamat Toshev,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i