O‘zbekiston ipakchiligining jahon bozoridagi mavqei oshmoqda
Mamlakatimiz ipakchilik sanoati jahon bozoridagi o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Toshkentda "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi rahbariyati hamda Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuv ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi R.Abdullayev, boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari M.Sagatov va xitoylik tadbirkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida xitoylik tadbirkorlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli ipak ipi va ipak momig‘ini xarid qilishga katta qiziqish bildirdi.

Muloqot davomida Xitoy vakillari ipak ipi va ipak momig‘ini xarid qilish istagini ma’lum qildi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulot yetkazib berish imkoniyatlari va savdo aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, mahalliy ipak mahsulotlarining eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva,
O‘zA