Ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun Brayl kitoblari uyga yetkazilmoqda
Respublikamizda ko‘zi ojiz kitobxonlarga yangi imkoniyatlar yaratildi. Endi Brayl yozuvidagi adabiyotlar ularning uylarigacha yetkazilmoqda.
Kitob – hayotimizni yorituvchi ziyo. Biroq, buni doim ham to‘laqonli anglab yetmaymiz. Shunday kitobxonlar borki, ularning umri tom ma’noda kitob va uning ziyosi bilan munavvar. Ular borliq rangini ko‘z bilan emas, balki kitoblar anglatgan haqiqatlar bilan ko‘radilar. Yurtimizda kitobxonlik siyosati eng yuqori nuqtaga ko‘tarilgani ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Endi bunday matonatli kitobxonlar uchun Brayl alifbosidagi adabiyotlar uylariga olib borilmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi o‘laroq, Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi tomonidan Olmazor tumani Axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘chma kutubxonaga kitobxonlar so‘ragan adabiyotlar yetkazib berildi.
Unda kitobxonlarning talab va qiziqishlaridan kelib chiqib, Brayl yozuvida chop etilgan, bo‘rtma nuqtali adabiyotlar taqdim etildi. Ta’kidlash kerakki, ko‘chma kutubxona kitoblarni kitobxonlarga yanada yaqinlashtirib, ularning mutolaa imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur adabiyotlar har bir kitobxon tanlovidan kelib chiqib uylariga yetkazib beriladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA