O‘zbekiston – IFAD: yangi loyihalar va imkoniyatlar
Italiyaning Rim shahrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasining (COAG) 30-sessiyasi doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) vitse-prezidenti Miz Gerardine Mukeshimana bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ta’kidlanishicha, muloqot davomida 44 million AQSH dollari qiymatidagi ASPIR – Agrobiznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasini qisqa muddatlarda amaliy bosqichga o‘tkazish masalalari muhokama qilinib, loyihani tezroq boshlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, IFAD bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichiga oid yangi loyihalarni tayyorlash taklif etildi. Xususan, yurtimizda yo‘lga qo‘yilgan Dron akademiyasi tajribasini kengaytirishga qaratilgan tashabbus IFAD tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tomonlar loyiha konsepsiyasini qisqa muddatda ishlab chiqish va uni amalga oshirish ishlarini boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida 2027-yil fevral oyida bo‘lib o‘tadigan IFAD Boshqaruv kengashining 50 yillik yubiley sessiyasi masalasi ham muhokama qilindi. IFAD vitse-prezidenti O‘zbekistonni mazkur nufuzli tadbirda ishtirok etishga taklif etib, mamlakatimiz ishtiroki xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim ekanini ta’kidladi.
Suhbat yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni jadallashtirish, yangi tashabbuslarni amalga oshirish O‘zbekiston va IFAD o‘rtasidagi strategik hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.
O‘zA