O‘zbekiston delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasida ishtirok etmoqda
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ayni kunlarda Istanbul shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasida ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli anjuman bu gal “Kelajak avlodlar manfaatlari yo‘lida ishonchni mustahkamlash, barqaror tinchlikni ta’minlash va adolatni qaror toptirish” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda global ahamiyatga ega masalalar muhokama qilinadi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari bir qator muhim muloqot va forumlarda qatnashishi rejalashtirilgan. Parlament ayol a’zolari forumi, Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 5-konferensiyasi hamda Yosh parlament a’zolari forumi shular jumlasidan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasining parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkaziladi.
N.Abduraimova, O‘zA