Ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘targan tashrif
Bugun Markaziy Osiyo chinakam birdamlik bosqichiga o‘tgan. O‘zbekiston yetakchisining tashabbusi bilan mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning 11-aprel kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lishi va Qosim-Jomart To‘qayevning mamlakatimiz Prezidentiga yo‘llagan maktubi bu fikrimizni tasdiqlaydi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar, xususan, Qozog‘iston bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi aloqalar nafaqat strategik sheriklik, balki chin ma’nodagi ittifoqchilik tamoyillari asosida mustahkamlanmoqda. Bu esa mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashning eng muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhidagi ushbu yaqinlik xalqlarimizning tarixiy va ma’naviy ildizlari mushtarakligiga asoslanadi. Davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli chegaralar do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. Iqtisodiy va madaniy aloqalar izchillik kasb etdi.
Navbatdagi amaliy tashrif ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik kun tartibini yanada kengaytirish va kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekiston va Qozog‘iston nafaqat iqtisodiy sheriklar, balki umumiy taqdiri va kelajagi bir bo‘lgan, mintaqaviy yaxlitlikni ta’minlovchi qudratli kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda. Muloqotlarda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Qozog‘iston yetakchisining mamlakatda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilganidan keyin birinchi xorijiy tashrifining O‘zbekistondan boshlashi ko‘p narsadan dalolat beradi. Eng avvalo, hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilyapti. Xususan, Buxoro, Markaziy Osiyoning madaniy va tarixiy markazi sifatida ahamiyatga ega. To‘qayevning ta’kidlashicha, Buxoroning bugungi qiyofasi yangi O‘zbekiston siyosati natijasidir. Bu esa ikki mamlakatning o‘zaro hamkorligi va madaniy almashinuvi orqali amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi iqtisodiy baquvvat davlatlar bo‘lib, ular mintaqaviy yalpi ichki mahsulotning qariyb 80 foizini va mintaqa aholisining 70 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, sanoatga yuqori texnologiyalarni joriy etish, AKT texnologiyalarni keng joriy etish va kelajakka bo‘lgan qarashlar – kosmik dasturlarda ishtirok etishda ham yetakchilik qilmoqda. Bu ikki davlatda sanoat kooperatsiyasida hamkorlik qilish va mintaqani “Shimol–Janub” va “Sharq–G‘arb” yo‘laklari chorrahasidagi transport-logistika markaziga aylantirish uchun ham yaxshi istiqbollar mavjud. 2025-yil yakuniga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, Buxorodagi muzokaralar yakunida yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Transport va logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, to‘siqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor. Tomonlar Qirg‘izistondagi “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish ahdida qat’iy.
O‘zbekiston va Qozog‘iston suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan, chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlashdan manfaatdor. Bu tashabbus ekologiyani muhofaza qilish, atrof-muhitni yaxshilash va xalq salomatligini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida qat’iy. Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini o‘tkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor maqsadlardan.
Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish borasida ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari tinglangani, muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirilgani hamkorlik istiqbollari nechog‘li to‘g‘ri yo‘lda ekanidan dalolat beradi. Ulug‘vor maqsadlarga yetishish uchun davlat rahbarlari yangi qo‘shma investitsion loyihalarni yo‘lga qo‘yishdi.
TURAN maxsus iqtisodiy zonasini va agrosanoat kompleksi mahsulotlarini, yog‘ochni qayta ishlash, mashina, elektronika, to‘qimachilik, va qurilish materiallarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan “Markaziy Osiyo” savdo-iqtisodiy hamkorlik xalqaro markazini ishga turish shular jumlasidan. Mazkur loyihalar transchegaraviy savdo-logistika infratuzilmasi hamda mintaqalararo ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan. Mamlakatlar o‘rtasida qo‘shma hamkorlik tajribasi yuqori.
Qozog‘iston hududida, xususan, Kostanayda Chevrolet markali avtomobillar va «SAZ» markali avtomobillar yig‘ish bo‘yicha qo‘shma korxonalar, Turkistonda to‘quvchilik fabrikasi, Shimkentda to‘qimachilik korxonasi muvaffaqiyatli ishlamoqda. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlikning “yuragi” hisoblanadi.
O‘zbekiston Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo sherigidir.
Iqtisodiy hamkorlik mutlaqo yangi chizgilarga ega bo‘ldi: Qozog‘iston O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo hamkoriga aylandi va 2020-yildan buyon O‘zbekistonning Xitoy va Rossiyadan keyingi uchinchi yetakchi savdo sherigi hisoblanadi. Bu esa ikki mamlakat iqtisodiyotining ahamiyati va o‘zaro bog‘langanligini tasdiqlaydi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan umumiy hisobda 7 mlrd. AQSH dollariga teng o‘zaro savdosining 60 foizi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yilning noyabr oyida ikki davlat prezidentlarining uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi ta’minlangani bois barcha darajalarda aloqalar faollashdi. Biroq hozirgi 5 milliard dollarlik savdo aylanmasi oraliq bosqich hisoblanadi. Chuqur sanoat hamkorligi o‘sishni ta’minlashi kutilmoqda. Hozirda mamlakatlarimiz birgalikda 1,8 milliard dollarlik 78 ta loyihani amalga oshirmoqda. Energetika, kimyo, yerosti boyliklaridan foydalanish va mashinasozlik sohalaridagi yirik loyihalar diqqat markazida. Qurilish sektori va logistika infratuzilmasini rivojlantirish ham ustuvor vazifalar bo‘ladi.
Rahbarlar transport aloqalariga alohida e’tibor qaratdilar va uni butun Markaziy Osiyo uchun iqtisodiy mustaqillikning kaliti deb biladilar. Ushbu strategiyaning markazida chegara terminallarini modernizatsiya qilish va Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi salohiyatini mustahkamlash maqsadi turganligini ta’kidlash joiz.
O‘tgan yili Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekistonni Oqtau va Kurik portlarini kengaytirish loyihalariga qo‘shilishni taklif qildi, bu esa O‘rta yo‘lakning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Shu bilan birga, Fors ko‘rfazidagi beqarorlik tufayli noma’lum muddatga to‘xtatilgan Shimol-Janub yo‘nalishi kabi istiqbolli yo‘nalishlarni monitoring qilish davom etmoqda.
Afg‘oniston va Pokistondagi vaziyat barqarorlashgandan so‘ng, janubiy temir yo‘l vektorlari ham qayta tiklanadi. Aqlli, uzluksiz yo‘laklarni yaratish ikki mamlakat iqtisodiyotini global savdo zanjirlariga qulay shartlarda birlashtiradi.
Umuman olganda, sa’y-harakatlarni tizimli ravishda birlashtirish Markaziy Osiyoga strategik maqsadlarga erishish imkonini beradi. Mintaqa geosiyosiy ob’ektdan mustaqil va ta’sirchan kuch markaziga aylanadi.
Investitsiya jozibadorligida sifat jihatidan sakrash bo‘ladi. O‘z ishlab chiqarishimiz va inson kapitalimizni rivojlantirish orqali biz tashqi qiyinchiliklarga qarshi immunitetimizni mustahkamlaymiz. Sinxronlashtirilgan modernizatsiya nafaqat siyosiy tanlov, balki chinakam integratsiyaga olib boradigan yagona yo‘ldir.
Meni quvontirgan yana bir holatga e’tiborni qaratmoqchiman. U ham bo‘lsa, muzokaralar ikki xalqning ma’naviy merosini birlashtirgan muqaddas maskan bo‘lgan Bahouddin Naqshbandiy yodgorlik majmuasiga tashrif bilan boshlandi. Ikki davlat rahbari XVI asrda qurilgan masjid va madrasalar majmuasini aylanib chiqdilar va ta’limoti asrlar davomida mintaqa uchun axloqiy kompas bo‘lib xizmat qilgan buyuk so‘fiyga hurmat bajo keltirdilar. XIX asr qo‘lyozma Qur’onidan tortib, nodir tarixiy hujjatlargacha bo‘lgan noyob artefaktlarni o‘z ichiga olgan majmuadagi muzey kolleksiyalarida prezidentlar yana bir bor Ostona va Toshkent o‘rtasidagi ajralmas madaniy va tarixiy aloqalarni ta’kidladilar.
Tashrif davomida Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallarining nusxalari ham ko‘rsatildi. Bu O‘zbekistonda aniqlangan, Turkistonda joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy va Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegim maqbaralariga aloqador 1920-1950-yillarga oid qimmatli hujjatlar, chizmalar va fotomateriallardir. Qardosh qozoq xalqiga va ikki mamlakatning umumiy tarixiga hurmat belgisi sifatida ushbu arxiv hujjatlarining nusxalari Qozog‘iston tomoniga hadya qilindi. Hozirgi kunga qadar aksariyati ilmiy muomalaga kiritilmagan bu materiallar katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega.
Noyob me’morchilik yodgorliklari bo‘lgan Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralari Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosida alohida o‘rin tutadi. To‘qayev, Prezidentimizga yo‘llagan maktubida shuningdek, arxiv materiallari taqdim etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifi doirasida To‘qayevga Qozog‘iston uchun katta madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv materiallarini taqdim etgani, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy almashinuvning ahamiyatini yanada oshirdi. Ushbu munosabatlar, shubhasiz, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash va mintaqadagi barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Qozog‘iston va O‘zbekistonning o‘zaro hamkorligi nafaqat iqtisodiy, balki madaniy sohalarda ham yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston sun’iy intellektni rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Buxoro shahrining universal sport majmuasida o‘tkazilayotgan “National AI Hackathon” – sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurishi ham shundan dalolat beradi.
Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi. Bu yerda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar tahsinga sazovor.
Xususan, “Raqamli hukumat” tizimi, transport, bojxona, soliq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yechimlar kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotir.
Ishonchimiz komilki, global noaniqlik davrida yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash Markaziy Osiyoning asosiy resursiga aylanib bormoqda. Mintaqa mamlakatlari yakka holda hal qilishi qiyin bo‘lgan umumiy xavfsizlik muammolari va rivojlanish vazifalari birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan muvaffaqiyatli hal qilinishi mumkin. Ikki va ko‘p tomonlama ishonch va sheriklikni mustahkamlash o‘z kelajagini umumiy qadrdon diyorimiz — Markaziy Osiyoning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti bilan bog‘lagan millionlab odamlarning manfaatlariga javob beradi.
Mintaqaning yetakchi davlatlari bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining sa’y-harakati bilan kuchli, barqaror va farovon mintaqa — Yangi Markaziy Osiyoning mustahkam poydevorini yaratish sari dadil odimlanmoqda. Kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada rivojlanishi va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘lishi kutilmoqda. Tashkil etilayotgan qo‘shma tashabbuslar va kelishuvlar orqali ikki davlatning umumiy manfaatlari yo‘lida birgalikda harakat qilish imkoniyati yaratiladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari yangi pog‘onaga ko‘tarilishi ikki qardosh xalqning uzoq muddatli manfaatlariga to‘la javob beradi hamda Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va jadal taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Tashpo‘lat Matibayev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.