O‘zbekiston biznesi Suriya bozoriga chiqmoqda
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport bozorlarini ochish, tashqi savdo aloqalarini kengaytirish va “Made in Uzbekistan” brendining xalqaro bozordagi o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, "O‘zeltexsanoat" uyushmasi, Eksportchilar uyushmasi hamda to‘qimachilik, charmsanoat, avtomobilsozlik va boshqa sohalardagi yirik tadbirkorlardan iborat delegatsiya Suriya Arab Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari hamda O‘zbekistonning Kuvaytdagi Favqulodda va muxtor Elchisi Ayubxon Yunusov ishtirokida Suriyaning Aleppo shahri rahbariyati va Savdo palatasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda sanoat kooperatsiyasi, eksport-import aloqalari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotida.
Aleppo Sanoat palatasi raisi Nazem Deravon o‘z nutqida Aleppo shahri azaldan to‘qimachilik va sovun ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoga mashhur markazlardan biri bo‘lganini ta’kidlab, bugungi kunda shahar yana tiklanish va iqtisodiy rivojlanish bosqichiga kirganini qayd etdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Suriya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA