Germaniyaning yetakchi kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda
Toshkent shahrida “O‘zbekistonda Germaniya iqtisodiyoti kunlari” biznes-forumi hamda O‘zbekiston–Germaniya ishbilarmonlar kengashining 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli tadbir ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘lida muhim muloqot maydoniga aylandi.


Forumda delegatsiyalar rahbarlari — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, O‘zbekiston–Germaniya ishbilarmonlar kengashining O‘zbekiston tomonidan hamraisi Abdulla Aripov hamda “Knauf Group” kompaniyasining ijrochi hamkori, Kengashning Germaniya tomonidan hamraisi Uve Knotser ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladilar.


Tadbirning ochilish marosimida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi direktori Mixayel Harms hamda Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer ham qatnashdi.

Forumda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirok etib, qurilish va kommunal sohalarda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish hamda xalqaro tajribani keng tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.

Muzokaralar davomida qurilish materiallari ishlab chiqarish, energiya samaradorligini oshirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash, sohada innovatsion yechimlarni qo‘llash va Germaniyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha takliflar almashildi.

Kunning yakuniy qismi ikki tomonlama uchrashuvlar va amaliy muzokaralarga boy o‘tdi.
Mazkur biznes-forum O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi investitsiyaviy loyihalar uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA