O‘zbekiston biznesi raqamli yechimlarni faol rivojlantirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
Hozirgi sharoitda O‘zbekiston va Rossiyaning texnologiyalar va sanoat sohasidagi hamkorligi faqat ikki tomonlama aloqalar doirasida cheklanib qolmasligi kerakligi qayd etildi.
— Biz sanoat bo‘yicha salohiyatni, resurslar, bozorlar va kompetensiyalarni birlashtirishga qodir bo‘lgan ulkan kooperatsiya makonini yaratishni mo‘ljal qilyapmiz. Aynan shuning uchun biz “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz. Bu sanoat kooperatsiyasining yagona raqamli platformasi bilan birlashtirilgan ishlab chiqarish va texnologik klasterlarning o‘zaro bog‘liq tizimidir.
Ushbu tashabbusni sinovdan o‘tgan, har yili Toshkentda o‘tkaziladigan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” innovatsion-sanoat ko‘rgazmasi platformasi bazasida amalga oshirishni taklif etamiz. Bunday yondashuv biznes uchun hamkorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri topish va o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish imkonini beradi, – dedi Prezidentimiz.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi, hech shubhasiz, iqtisodiyotning yangi muloqot vositasi, ta’bir joiz bo‘lsa, tiliga aylangan raqamlashtirishdir.
Agar ilgari infratuzilma deganda, yo‘llar, quvurlar va elektr uzatish tarmoqlari tushunilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu, avvalo, raqamli platformalar demakdir. Ular o‘z atrofida yaxlit ekotizimni – ish o‘rinlari, logistika, to‘lov xizmatlari, yangi eksport imkoniyatlarini shakllantirmoqda.
O‘zbekiston biznesi raqamli yechimlarni faol rivojlantirmoqda va ayni paytda keng doiradagi mamlakatlar bilan texnologik hamkorlik uchun ochiqdir. Masalan, Rossiya marketpleyslari va raqamli servislari orqali mahsulotlarimiz savdosi hajmi so‘nggi bir necha yilda 3,5 barobar o‘sib, bir yarim milliard dollardan oshdi.
O‘zA