O‘zbekiston – Rossiya: energetika hamkorligi– uzoq muddatli geosiyosiy va iqtisodiy ittifoqchilik strategiyasi
XXI asrning uchinchi o‘n yilligi global geosiyosiy maydonda va iqtisodiy munosabatlar tizimida jiddiy transformatsiya davri sifatida kechmoqda. Ushbu o‘zgarishlar markazida turgan dolzarb masalalardan biri, shubhasiz, energetika xavfsizligi va resurslar integratsiyasidir.
Markaziy Osiyoning demografik va iqtisodiy jihatdan eng jadal rivojlanayotgan davlati – O‘zbekiston Respublikasi hamda global energiya bozori yetakchisi Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi energetika hamkorligi ikki tomonlama munosabatdan uzoq muddatli, yuqori texnologiyali va strategik ittifoqchilik xususiyatiga ega yangi davrga o‘tmoqda.
Shu kunlarda ikki mamlakat o‘rtasida energetika yo‘nalishida yana bir yirik loyihaga tamal toshi qo‘yildi. Bu muhim voqelik juda ko‘p mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan tahlil qilinib, vaziyatga asosan ijobiy munosabat bildirilmoqda. Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi doktaranti Muqaddas Hojimurodova ham shu haqdagi fikr-mulohazasi bilan o‘rtoqlashdi.
– So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar, imzolangan strategik kelishuvlar hamda hukumatlararo komissiyalar doirasidagi tizimli ishlar ushbu sohani butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya energetika vazirliklari, “Gazprom”, “Lukoyl”, “Rosatom” kabi gigant-kompaniyalar hamda “VEB.RF” va “Gazprombank” kabi yirik moliyaviy institutlar ishtirokida uglevodorod qazib olish, transchegaraviy yetkazib berish, raqamlashtirish va eng asosiysi – tinchlik maqsadiga yo‘naltirilgan atom energetikasi bo‘yicha strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uglevodorod sektori: an’anaviy hamkorlikning yangi sur’ati
O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi energetik aloqalar an’anaviy ravishda neft va gaz sanoatiga tayanadi. Rossiyaning “Lukoyl” va “Gazprom” kompaniyalari ko‘p yildan buyon respublikamiz hududidagi eng yirik investorlar qatorida turadi. Xususan, “Lukoyl” Qandim konlar guruhi, Haunzak-Shodi va Qo‘ng‘irot majmualarida amalga oshirayotgan ko‘p milliard dollarlik investitsiya loyihalari mamlakatimizda tabiiy gazni qazib olish va qayta ishlash quvvatini tubdan oshirdi.
So‘nggi yillarda mintaqada ichki iste’mol keskin ko‘payishi, urbanizatsiya darajasi yuqoriligi va sanoat ishlab chiqarish jadal kengayishi iqtisodiyotimiz oldiga energiya resurslarini diversifikatsiya qilish va transchegaraviy import tizimini takomillashtirish vazifasini qo‘ydi. Shu asnoda “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali Rossiya tabiiy gazini O‘zbekistonga teskari (revers) rejimda yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Bu loyiha respublikamizning og‘ir qishki mavsumda ham ichki bozorda energetika barqarorligini ta’minlash, aholi va sanoat tarmog‘ini uzluksiz resurs bilan ta’minlash qobiliyatini kafolatladi.
Shuningdek, hamkorlik faqat xom ashyo yetkazib berish bilan cheklanib qolmay, sohani chuqur transformatsiya qilish va raqamlashtirish bosqichiga o‘tgan. Rossiyaning “IKS Xolding” kompaniyasi ko‘magida O‘zbekiston energetika sanoatini raqamlashtirishning yagona konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu tarmoqda yo‘qotishni kamaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va intellektual energiya tizimini joriy etish imkonini beradi.
O‘zbekiston energetika tarixidagi burilish nuqtasi va AES qurilishi
O‘zbekiston va Rossiya energetika strategiyasining cho‘qqisi, ikki tomonlama munosabatning mutlaqo yangi intellektual-texnologik bosqichga ko‘tarilishi ramzi atom energetikasi hamkorligidir. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida Prezidentlar Mirziyoyev va Putin mamlakatimizda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi (AES) birinchi energiya majmuasini qurish ishiga rasman start berdi.
Ushbu tarixiy marosimda teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi ham ishtirok etdi. Bu holat loyihaning nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro miqyosda qat’iy nazorat ostida va global xavfsizlik talabiga mos ravishda amalga oshirilayotganidan dalolat. Marosimda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari bu kunni mamlakat hayotidagi tarixiy voqea deb atadi. O‘zbekiston iqtisodiyoti va aholi soni o‘sish sur’ati yaqin yillarda elektr energiyasiga talabni bir necha barobar oshirishi bashorat qilinmoqda. An’anaviy issiqlik elektr stansiyalari (ko‘mir va gaz) hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh va shamol) ehtiyojni to‘liq, barqaror va bazaviy rejimda qoplash uchun yetarli emas. Quyosh va shamol energetikasi tabiat injiqligiga bog‘liq, atom energetikasi 24/7 rejimida uzluksiz kafolatlangan quvvat beruvchi bugungi kundagi yagona “yashil” manba hisoblanadi. Shu sababli, Rossiya texnologiyasi asosida barpo etilayotgan AES yurtimizning kelgusi o‘n yilliklardagi energetik mustaqilligi va xavfsizligi tayanchi bo‘ladi.
Soha mutaxassislari mazkur loyiha kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik hajmli energetika sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarni mujassamlashtirganini e’tirof etmoqda.
“O‘zatom” agentligi rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik mazkur loyihani moliyalashtirish asosan kredit resurslari jalb etish orqali amalga oshiriladi. Bu jarayonda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy hamkorlar ishtiroki ham ko‘zda tutilgan.
Ob’ektni barpo etishda xavfsizlik masalasi mutlaq va so‘zsiz shart etib belgilangan. Stansiyani qurish va ekspluatatsiyaga tayyorlash eng zamonaviy xalqaro standart, ilg‘or muhandislik yechimi, masalan 3+ avloddagi xavfsizlik tizimi asosida hamda XAEAning doimiy va qat’iy nazorati ostida bajarilmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston uran qazib olish hajmi bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinda, uran zaxirasi bo‘yicha 10-o‘rinda turadi. Demak, mamlakat xom ashyo zanjirida ham mustaqillik ta’minlanadi va loyiha har ikki tomon uchun o‘zaro manfaatli iqtisodiy rentabellik hosil qiladi.
Hamkorlikning sanoat va ilmiy-ijtimoiy transformatsiyaga ta’siri
Rossiya va O‘zbekiston energetika hamkorligining mazmun-mohiyati faqat megavatt yoki milliard kubometr bilan o‘lchanmaydi. Bu hamkorlik respublika ichida butun boshli yuqori texnologiyali yangi tarmoq, ilmiy maktab va muhandislar avlodi shakllanishiga turtki berishi kutilyapti. AES loyihasi va raqamlashtirish dasturlari yuzlab turdosh tarmoqlar – metallurgiya, qurilish materiallari va kimyo sanoati, yuqori kuchlanishli uskuna ishlab chiqarishni yangi sifat bosqichiga ko‘taradi.
Kadrlar tayyorlash masalasi ham ushbu strategiyaning ajralmas qismidir. Toshkentda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan Rossiyaning dunyoga mashhur Milliy yadro tadqiqotlari universiteti filiali yuzlab talabalari yadro fizikasi, atom energetikasi va yuqori texnologiya yo‘nalishida ta’lim olmoqda. Juda ko‘p mutaxassislarimiz Rossiyaning amaldagi ob’ektlarida malaka oshirmoqda. Bu O‘zbekistonda intellektual kapital keskin o‘sishi, mamlakat mintaqaviy ilmiy-texnik xabga aylanishigarovidir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va RF energetika hamkorligi bugungi kunda shunchaki tijoriy bitimlar yig‘indisi emas, balki uzoq muddatli geosiyosiy va iqtisodiy ittifoqchilik strategiyasidir. Gaz quvuri tizimi reversiv ishga tushirilishidan tortib, 9,5 milliard dollarlik AES qurilishi boshlanishigacha bo‘lgan yo‘l ikki davlatning o‘zaro ishonchi va pragmatik manfaatlar uyg‘unligi hosilasidir. Mazkur sheriklik O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishini ta’minlash, aholini arzon va uzluksiz energiya bilan kafolatlash hamda mamlakatni industrial-innovatsion davlatga aylantirish yo‘lidagi eng muhim tashqi omildir. Rossiya bilan ushbu sohadagi keng qamrovli sheriklik kelgusi o‘n yilliklarda ham mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotning muhim sharti bo‘lib qolaveradi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.