“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshirildi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Harbiy qismlardagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i Aqilbek Berdibekov va Nukus davlat texnika universiteti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Zayd Maxsetbayev “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov taqdirlanganlarni qutlab, ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga topshirdi. Ularning kelgusi faoliyatida zafarlar tiladi.

Ushbu nishon Vatanimizning obro‘-e’tibori, shon-shuhratini yuksaltirishga va uning nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etib, namuna ko‘rsatayotgan yoshlar va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimizning yuksak e’tiboridir.

Shuningdek, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Yerniyaz Qosimov va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali yoshlar yetakchisi Bahrom Abipov yoshlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, talabalarning siyosiy, huquqiy madaniyatini yuksaltirishdagi samarali mehnatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri