O‘zbek xalqining tarixiy shaxslari haqidagi kitob nashrdan chiqdi
So‘ngi yillarda mamlakatimizda tarixiy shaxslar hayotini o‘rganish, ularning faoliyatini tadqiq etishga jiddiy e’tibor qaratiliyotir.
Tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov bilan taniqli olim Ergash Ochilovning ko‘p yillar davomida qilgan fidokorona mehnati tufayli yuzaga kelgan bir qator yangi kitoblar buning yaqqol dalilidir. Yaqindagina nashrdan chiqqan “Shayboniyxon”, “Abdullaxon” hamda “Ubaydullaxon” singari monografiyalar minglab o‘quvchilarning ma’naviy mulkiga aylandi. Bu asarlar O‘zbekiston fanlar Akademiyasi tarix instituti ilmiy kengashining qaroriga asosan chop etilgan.
Birinchi monografiya “Shayboniyxon”dagi annotatsiyada alohida ta’kidlanganidek, unda o‘zbek xalqi davlatchiligini yangi bosqichga ko‘targan Shayboniylar sulolasining asoschisi, Turon davlati xoqoni va harbiy qo‘mondon, taniqli ulamo va shoir Muhammad Shayboniyxonning hayot yo‘li, zafarli yurishlari, shaxsiyati, uning siyosiy faoliyati, jahon davlatchiligi tarixida tutgan munosib o‘rni hamda tasodifiy halokati tasvirlangan. Monografiya keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, u tarixiy manbalar va adabiyotlar tahlili asosida sodda tilda va ilhom bilan yozilganligi diqqatga sazovordir.
Keyingi monografiya “Abdullaxon” ham o‘quvchida katta qiziqish uyg‘otadi. Unda qimmatli faktlar va ma’lumotlar o‘rin olganligi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortadi. Eng muhimi, asar tili murakkab emas, tushunarli ekanligi diqqatga sazovordir. O‘zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining Shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik vakili. Buxoro xoni (1583-1598), Turon davlatining 1557-1598-yillarda amaldagi hukmdori, yirik davlat arbobi, harbiy sarkarda, shoir, ilm-fan va madaniyat homiysi. Shayboniylardan Iskandar sultonning o‘g‘li, Jonibek sultonning nevarasi.
Uchinchi kitob “Ubaydullaxon”da ham buyuk sarkarda va iste’dodli shoir ijodi va faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar joy olganligi e’tiborga molikdir. Asardan ulug‘ shoirning bir qator g‘azallari ham o‘rin olganligi monografiyaning yanada qiziqarli va o‘qishli chiqishini ta’min etgan.
Qardoshlarekim podshodur borisi,
O‘z ishlari birla mubtalodur borisi.
Borisi bo‘lub ne ishga, ne elga yarar,
Bosh boshqa, ko‘zung boshqa balodur borisi.
Yoki quyidagi o‘tli satrlar ham iste’dodli shoir Ubaydullaxon qalamiga mansub.
El ko‘blugini ko‘zga necha ilgaysiz,
Yolg‘uz kishidan ham necha kesilgaysiz.
Yolg‘uz deb oni kesilgaysiz ondinkim,
Yolg‘uzning erur yori Xudo-bilgaysiz.
O‘zbekistonda ilk marta chop etilayotgan bu kitoblar qiziqarli yozilganligi sababli ko‘pchilikka manzur bo‘lishi tabiiy.
Jovli Xushboqov, O‘zA