Milliy qo‘shiqchilik san’atining betakror siymosi
Milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan, betakror ijro mahorati bilan xalqimiz mehrini qozongan O‘zbekiston xalq hofizi Faxriddin Umarov tavalludining 100 yilligi keng nishonlanmoqda.
Ko‘plab xonandalar uchun ustoz bo‘lgan san’atkor milliy qo‘shiqchilik san’atining darg‘asi, betakror siymosi, mangulikka daxldor jo‘shqin ovozi bilan o‘zbek san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida Faxriddin Umarov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, madaniyat va san’at sohasi vakillari, san’atshunoslar, taniqli ijodkorlar, hofizning shogirdlari hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.

Aytish joizki, Faxriddin Umarov o‘ziga xos san’at maktabini yaratgan buyuk hofiz edi. U 1926-yilning sokin kuzida Qibrayning fayzli go‘shasida dunyoga keldi. Bu go‘dak kelgusida o‘zbek xonandalik san’atining ustunlaridan biriga aylanishini unga ilk bor tanbur sirlarini o‘rgatgan otasi sezgan bo‘lsa, ajab emas.
Konservatoriyaning ilmiy zallari va radio qo‘mitasining sokin studiyalari uning uchun shunchaki ish joyi emas, balki milliy kuy-qo‘shiqlarimiz sayqal topadigan ijod maskaniga aylandi. Faxriddin Umarov ovozidagi shira va dard tinglovchini shunchaki maftun etmas, balki uning qalbini o‘ziga rom qilar edi. Ustoz san’atkor tirikligidayoq afsonaga aylandi. Davlatimizning «O‘zbekiston xalq hofizi» unvoni va vafotidan so‘ng berilgan «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bu ulug‘ ovoz sohibining millat oldidagi beqiyos xizmatlariga berilgan yuksak baho bo‘ldi.

Ustoz san’atkor she’rni shunchaki kuylamas, uning ruhiga jon bag‘ishlardi. Faxriddin Umarov ijrosida mumtoz g‘azallar jonlanar, zamonaviy she’riyat esa samoviy jarang kasb etardi. U sahnaga chiqib, tanburini chertganida, go‘yo Bobur Mirzoning sog‘inchi, Mashrabning otashli ishqi va xalq shoiri Erkin Vohidovning g‘ururi mujassam bo‘lardi. Uning ijrosidagi «O‘zbegim» qasidasi millatning o‘zligini anglash ramziga aylandi.

Faxriddin Umarov ijrosida To‘ra Sulaymon so‘zlariga aytilgan «Umr o‘tmoqda» qo‘shig‘i esa vaqtning beshafqat oqimi ustidan kuylangan o‘ziga xos falsafiy iztirob edi. San’atkor «Onam derman» deya kuylaganida, ming-minglab tinglovchilarning ko‘zidan oqqan yosh hofizning ilohiy mahoratiga berilgan eng oliy baho edi.
Umrining so‘nggi yillarida hofiz falsafiy va tasavvufiy kuylar ummoniga chuqur sho‘ng‘idi. Inson qalbini poklash, uni Yaratganga va ezgulikka yaqinlashtirish uning oliy maqsadiga aylandi. 2007-yil kuzida bu olamni jismonan tark etgan bo‘lsa-da, uning ovozi va nafasi milliy san’atimiz tomirlarida hamon yashab kelmoqda.

Bugun o‘zbek va qardosh ellar xonandalari uning qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lib, ijro yo‘lini o‘zlariga mayoq deb biladilar. Faxriddin Umarov o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining vijdoni va nafosat mezonidir. Uning san’ati vaqt changida qolmaydigan, avloddan-avlodga o‘tib, millat ruhini yuksaltiraveradigan bebaho merosga aylangan.
Xotira tadbirida Faxriddin Umarovning milliy qo‘shiqchilik san’ati rivojidagi o‘rni, serqirra ijodiy faoliyati va yaratgan san’at maktabi haqida so‘z yuritildi. Ustoz hofizning hayoti va ijod yo‘li, san’atga bo‘lgan sadoqati, o‘ziga xos ijro uslubi hamda shogirdlar tarbiyasidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.

Musiqiy kechaning badiiy qismida hofizning shogirdlari va san’atkorlar tomonidan dilbar kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Mumtoz va milliy musiqa namunalari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Faxriddin Umarovning 100 yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan xotira kechasi ustoz san’atkorning boy ijodiy merosini asrab-avaylash, uni yosh avlodga yetkazish va milliy qo‘shiqchilik san’ati an’analarini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim madaniy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, O‘zA