“O‘zbek kinosini allaqachon dunyo tan oldi” – Zulfiqor Musoqov
Rejissyor fikri
Ma’naviyatni ham, o‘zlikni ham kinosanoatidek tarixga muhrlab, targ‘ib etuvchi soha bo‘lmasa kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasi uyiga tashrif buyurib, kinematografiya sohasi xodimlari bilan uchrashdi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalarni muhokama qildi.
– O‘zbek kinosiga to‘qsoninchi yillarda qadam qo‘yganman. Bu davrda yaxshi asarlar ham yaratildi, nisbatan sustroqlari ham bo‘ldi, – deya fikr bildiradi taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqov. – 1991-yildan 2019-yilgacha jami 51 ta badiiy film suratga olingan ekan. Bir paytlar tomidan suv o‘tadigan, mablag‘ topish uchun xonalari ijaraga beriladigan studiyamiz bor edi. Noilojlikdan o‘sha qiyin yillarda ham ishladik. Bugun esa ishonch bilan ayta olaman: o‘zbek kinosi allaqachon dunyo miqyosiga chiqdi. “O‘zbekfilm”ning hozirgi binolarini ko‘ring, juda go‘zal va barcha sharoitga ega. Prezidentimiz bilan avvalgi uchrashuvimizda bizga soliqlardan keng imtiyozlar berilgan edi. Bu juda katta gap. Mana, bugun yanada katta islohotlarga qadam qo‘yilmoqda.
Qaysi soha bo‘lmasin, yoshlarning bilimga intilishi va dunyoqarashini oshirishi tarafdoriman. Oramizda tez va oson shuhrat qozonish, pul ishlash uchun keladiganlar ham uchrab turadi. Men har doim shogirdlarimga: “Agar bu sohaga pul uchun kelgan bo‘lsangiz, hoziroq qaytib ketavering”, deyman. Bugun o‘zimning ijodiy maktabim bor. Darhaqiqat, tomoshabinni aldab bo‘lmaydi. Yaxshi asarning asl bahosini vaqt belgilaydi. Oradan bir-ikki yil o‘tgach, odamlarda o‘sha filmni qayta ko‘rish xohishi bor-yo‘qligi bilan hammasi ayon bo‘ladi.
Milliylik targ‘iboti deganda, to‘rt devor ichiga kirib olib, “bizdan zo‘ri yo‘q”, deyish noo‘rindir. Bu borada oliy me’yorni (o‘rtalikni) saqlay bilish muhim ahamiyatga ega. “Men unga yoki bunga o‘xshataman”, deb o‘z milliyligini yo‘qotib qo‘yish ham yaramaydi. Ustoz Melis Abzalov doim aytardilar: “Milliylikni ifodalash uchun odamning miyasida, qonida “zira hidi” bo‘lishi kerak”. Eng muhimi , o‘z kasbiga fidoyi bo‘lishdir.
Videosi quyida
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA