2029-yilgacha qoramol, qo‘y, echki importi QQSdan ozod qilinishi mumkin
Tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari kengaytirilmoqda. Jumladan, 2026-yil 1-yanvardan 2029-yilga qadar qoramol, qo‘y va echkilar importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, 2030-yilgacha Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli musobaqa tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha mahalliy ishchi guruhi a’zolari daromad solig‘idan ozod qilinadi.
IT Park rezidentlariga 2040-yilga qadar barcha soliqlardan ozod etish imtiyozi to‘lov tashkiloti, to‘lov tizimi operatori, elektron savdo maydonchasi operatori, elektron to‘lov tizimlari va mikromoliya tashkilotlariga qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.
Bu kabi soliq imtiyozlari parlament quyi palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasida o‘z aksini topgan.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan tadbirkorlar uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan uzluksiz foydalanish imkoniyatini ta’minlash taklif etilmoqda. Shuningdek, soliq qarzi o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda hisoblanadigan penya miqdori ushbu qarz summasidan oshib ketmasligi belgilanmoqda.
Soliq to‘lovchi kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha talab etilgan tushuntirish yoki aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa, uning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turish chorasini soliq organlari tomonidan avtomatik ravishda bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Loyihada farmatsevtika, pillachilik, to‘qimachilik kabi ishlab chiqarish tarmoqlari, shuningdek, nodavlat maktabgacha ta’lim, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlar, investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida yirik ko‘chmas mulk investitsiya loyihalariga nisbatan hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, ko‘kalamzorlashtirish va ijtimoiy ahamiyatga ega xayriya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga oid soliq yengilliklari ham belgilanmoqda.
Xususan, pillachilik bo‘yicha kasanachi jismoniy shaxslar daromad solig‘idan, uy sharoitida pilla yetishtiruvchi kasanachilarning ish haqi ijtimoiy soliqdan ozod etilishi va tutzorlar bilan band bo‘lgan yerlarga tuman Kengashlari tomonidan yer solig‘i stavkalariga 0,1 koeffitsiyent qo‘llash bo‘yicha imtiyoz 2029-yilga qadar uzaytirilmoqda.
2029-yilgacha pillachilik klasterlari pilla yetishtirish va saqlash binolari bo‘yicha mulk va yer solig‘idan ozod etilishi, ipakchilik korxonalari foyda solig‘ini 2 foiz, ipak mato va ipakdan tayyor mahsulotlarni sotadigan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz to‘lashi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha beshinchi toifaga kiritilgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan ayrim tadbirkorlik sub’ektlari uchun pasaytirilgan soliq stavkalarini qo‘llash ham nazarda tutilyapti.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasidagi normalar tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi ayrim moliyaviy va ma’muriy cheklovlarni kamaytirish, hududlarda ishbilarmonlik faolligini oshirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA