O‘zbek areal tilshunosligi asoschisi
Til millat g‘ururi, insoniyat rivoji va kelajak ravnaqini belgilovchi omil sanaladi. Yurtimizda tilshunoslik deb atalmish sohaning yashab o‘tgan va hozirda oramizda bo‘lgan katta hayotiy tajribaga ega, ilmi, teran tafakkuri, millatparvarligi, xalqparvarligi bilan ajralib turuvchi ko‘plab fidoyi insonlar bor. Ular Shonazar Shoabdurahmonov, G‘anijon Abdurahmonov, Azim Hojiyev, Mazluma Asqarova, Renat Doniyorov, Hamid Ne’matov, Abduhamid Nurmonov, Ergash Umarov, Nizomiddin Mahmudov, Shuhrat Sirojiddinov, Hamidulla Dadaboyev kabi ulug‘ vakillaridir. Ular qatorida yuksak ma’naviyatli, ulug‘ inson Samixon Ashirboyevning o‘rni beqiyosdir.

Ba’zi bir insonlar ulug‘ yoshga yetganida, ilmiy-pedagogik faoliyatini to‘xtatadi, qarilikni bo‘yniga oladi-da, uydan chiqmay qo‘yadi. Samixon Ashirboyev unday emas, uning jismida keksalik alomatlari bo‘lsa ham, ruhi tetik, bardam, xuddi yoshlar kabi qalbida ezgu tuyg‘ular tug‘yon uradi.
Alisher Navoiy hayoti va ijodi ustida ish olib borgan tadqiqotchilar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar, faylasuflar, tarixchilar, albatta, Navoiy ruhiga ergashadi, ulug‘ mutafakkir shoir ilgari surgan ezgu g‘oyalar ta’sirida yashaydi va o‘zi bilmagan holda hayotda Alisher Navoiy qarashlari targ‘ibotchisiga aylanib qoladi, yurish-turishda ham Hazrat Navoiyga ergashadi.
Alisher Navoiyda bir bayt bor: “Kimki ilmni o‘ziga joh etar, O‘zini-yu xalqini gumroh etar” degan. Tabdili shuki, “Kim ilmni martaba, amal uchun o‘rgansa, o‘zini ham, xalqini ham chohga olib boradi”. Shu ma’noda ustoz Samixon Ashirboyev ilmni amal, boylik orttirish uchun o‘rganmadi, balki xalqiga yordami, boshqalarga nafi, ko‘magi tegishi uchun o‘rgandi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida birgina xato ham jiddiy fojialarga olib kelishi mumkin edi. Yuksak bilim, katta hayotiy tajriba, nihoyatda bosiqlik bilan ish ko‘rish talab etilardi. Ana shunday bir paytda oliy ta’limning pedagogik mazmunini standartlashtirish masalasi eng katta muammoga aylangan edi. Bu ishni bajarishning bir cheti Samixon Ashirboyev zimmasiga tushdi va u bu vazifani o‘zidagi yuksak salohiyat, yillar davomida to‘plagan bilim, tajriba bilan yuqori darajada uddalay oldi. Hozirda filologik yo‘nalishlarda o‘qitilayotgan aksariyat majburiy va ixtiyoriy fanlarning o‘quv rejalariga kiritilishi, fan dasturlarining yaratilishida uning mashaqqatli mehnatlari yotganini hamma ham bilavermaydi.
Olimning 1975-yilda “O‘zbek grammatik qurilishining o‘rganilishi tarixidan” (1875-1917-yillar) mavzusidagi nomzodlik va 1990-yilda “Alisher Navoiyning nasriy asarlaridagi sodda gaplarning tarkibi va ma’lumotlari” mavzusida yoqlangan doktorlik dissertatsiyalari, “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi”, “Qadimgi turkiy til” kabi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari ona tili ta’limi rivojida va sohada ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash ishlarida muhim ahamiyat kasb etdi.
Samixon Ashirboyev 2018-yilda yarim asrdan ortiqroq faoliyat ko‘rsatgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika universitetidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga ishga o‘tdi. Bu yerga ishga kelgach, yosh yigitlardek yeng shimarib ishga tushdi. Shaxsiy kutubxonasini universitetga ko‘chirib olib keldi, “O‘zbek dialektologiyasi” darsligini yangiladi, qayta nashr ettirdi, “Areal lingvistika” fanidan darslik chop ettirdi. Shevashunoslik markazini boshqardi, anjumanlar tashkil etdi.
Uning rahbarligida Z.Xidraliyevaning “O‘zbek tilining Iqon shevasi”, A.Turdialiyevning “Denov shevasini areal o‘rganish va til korpusiga joylashtirish”, E.Alimardonovning “Xorazm dialektal zonasida o‘zbek va turkman shevalarining o‘zaro ta’siri”, V.Alimbekovaning “Janubi-sharqiy Andijon lingvoareali tadqiqi” nomli dissertatsiyalari yoqlandi. O‘zbekistondagi o‘zbek-arab, mahalliy turk, o‘zbek-qozoq, o‘zbek-qirg‘iz tillarining areal jihatlariga bag‘ishlangan bir qancha dissertatsiyalarini yakunlash jarayonlari ketmoqda.
Samixon aka sirtdan injiq ko‘rinsa-da, asliyatida samimiyat bor, o‘zidan ko‘ra ko‘proq boshqalarni o‘ylaydi, o‘z oilasi va atrofidagilarga nisbatan e’tiborli, mehr-muhabbat ko‘rsata oladigan inson. Men u ustozni asr bilan bo‘ylashishga qodir xarakterli, sabr-bardoshli, yuragi to‘la dard bo‘lsa ham aslo bilintirmaydigan, xuddi teran daryo kabi vazmin oqadigan insonga qiyoslayman.
Islom olamining ko‘zga ko‘ringan avliyolaridan biri Bibi Robiya Adaviya bir to‘rtligida shunday deb yozgan edi:
Asl g‘avvos bo‘lsang, durni ko‘rgaysan,
Sof bo‘lsang, ketar chog‘ hurni ko‘rgaysan.
Hamma yoq zulmat deb shikoyat qilma
O‘zingda nur bo‘lsa, nurni ko‘rgaysan...
Samixon Ashirboyev til ilmining asl “g‘avvoslari”dan, til ummoni tubidan o‘z xalqi, talabalari uchun “asl dur”larni topib olib chiqqan zamondoshlarimizdan. Zamondan, hamkasblaridan nolimaydigan, hayot tashvishlarini ular bilan birga torta oladigan ulug‘ zotlardan.
Ustoz kabi ulug‘ insonlar hayoti, faoliyati ko‘plar uchun ibrat maktabidir.
O‘zining qutlug‘ sakson yoshini nishonlayotgan ustozga sog‘lik-salomatlik, yanada uzoq umr, hamisha el-yurt ardog‘ida bo‘lishligini tilab qolamiz.
Abdulhay Sobirov,
Andijon davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori.
O‘zA.