Noorganik kimyo sohasidagi ilmiy yutuqlar va amaliy yechimlar muhokama qilindi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida “Noorganik kimyo va kimyoviy texnologiyaning respublika taraqqiyotidagi o‘rni va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli ilmiy forum O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, kimyo fanlari doktori, professor Baxtiyor Zokirov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Anjuman mamlakatimiz kimyo ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shgan olimning boy ilmiy merosi, zamonaviy kimyoviy texnologiyalar hamda ilm-fan va sanoat integratsiyasining dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.
Tadbirda mamlakatimiz yetakchi olimlari, akademiklar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, tayanch doktorantlar, yosh olimlar, shuningdek Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi. Shu bilan birga, kimyo sanoati tarmog‘i vakillari hamda ishlab chiqarish korxonalari mutasaddilari ishtirokida ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-29583]
Anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar professor Baxtiyor Zokirovning mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotidagi ko‘p yillik samarali faoliyati, noorganik kimyo va mineral o‘g‘itlar kimyosi sohasidagi fundamental tadqiqotlari hamda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashdagi xizmatlarini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, olim 1946-yilda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tavallud topgan. 1970-yilda Toshkent davlat universitetini, hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, butun mehnat faoliyatini ilm-fan taraqqiyotiga bag‘ishladi. Qisqa vaqt ichida respublikadagi yetakchi kimyogar olimlardan biri sifatida tanildi.
Professor Zokirovning ilmiy izlanishlari asosan mineral o‘g‘itlar kimyosi, murakkab kimyoviy tizimlar termodinamikasi, noorganik moddalar texnologiyasi va agrokimyoviy jarayonlarni o‘rganishga qaratilgan. Olim tarkibida amidlar mavjud bo‘lgan o‘g‘itlarning yuqori agrokimyoviy xususiyatlarini chuqur ilmiy asoslab berib, mineral o‘g‘itlar kimyosida yangi ilmiy yo‘nalish shakllanishiga zamin yaratgani ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, olim rahbarligida 110 dan ortiq kimyoviy tizimlar izotermik va politermik sharoitlarda tadqiq qilingan, 64 ta yangi kimyoviy birikmaning hosil bo‘lish qonuniyatlari aniqlangan. Ushbu tadqiqotlar nazariy ahamiyati bilan birga amaliy samaradorligi bilan ham e’tiborga molik.
Anjumanda so‘zga chiqqan mutaxassislar olimning ilmiy ishlanmalari asosida “Farg‘onaazot” AJ, “Navoiyazot” AJ va “Samarqandkimyo” AJda innovatsion texnologiyalar joriy etilganini ta’kidladi. Bu orqali yuqori samarali stabillashgan mineral o‘g‘itlar, defoliantlar va resurs tejovchi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanilayotgan “Super XMD-s” defolianti, “Hosil” va “Madad” stimulyatorlari, shuningdek “IONX” dezinfeksiyalovchi vositalari olimning amaliy ishlanmalari sifatida alohida tilga olindi.
Tadbir davomida professor Baxtiyor Zokirovning davlat va jamoatchilik oldidagi xizmatlari ham e’tirof etildi. U 1998–2004-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritib, mamlakat ilm-fanini rivojlantirish, fundamental va amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish borasida katta tashkiliy ishlar amalga oshirgani qayd etildi.
Shuningdek, olimning boy ilmiy merosi 510 dan ortiq ilmiy ishlar, 7 ta monografiya va 23 ta patentni o‘z ichiga olishi, uning rahbarligida ko‘plab fan doktorlari va PhD kadrlari tayyorlangani alohida ta’kidlandi.
Anjuman doirasida noorganik kimyo, kompleks birikmalar kimyosi, silikat va nanomateriallar texnologiyasi, metallurgiya, neft va kolloid kimyo, ekologik hamda agrar tizimlardagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Ilmiy muhokamalarda zamonaviy kimyoviy texnologiyalarni rivojlantirish, ekologik xavfsiz mahsulotlar ishlab chiqarish va ilmiy ishlanmalarni sanoatga keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro anjuman mamlakatimiz kimyo ilmining xalqaro nufuzini mustahkamlash, yosh olimlarni ilm-fanga keng jalb etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kamola Yusupova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA