Oy uchun "musobaqa" avjida
"NASA" amalga oshirgan “Artemis II” missiyasi muvaffaqiyati kosmosdagi raqobatni yanada kuchaytirdi. Mazkur missiya doirasida to‘rt nafar astronavt Oyning sayyoramizga ko‘rinmaydigan orqa tarafidan uchib o‘tib, insoniyat tarixidagi eng uzoq parvozni amalga oshirdi. Bu natija 2028-yilga mo‘ljallangan tabiiy yo‘ldoshga qo‘nish missiyasi uchun muhim qadam bo‘ldi.
Bu jarayon Xitoy uchun ham katta bosim yaratmoqda. Pekin 2030-yilgacha insonni Oyga qo‘ndirishni rejalashtirgan va shu maqsadda yangi texnologiyalar ishlab chiqmoqda. Jumladan, “Long March-10” raketasi, “Mengzhou” kemasi va “Lanyue” qo‘nish moduli tayyorlanmoqda. XXR so‘nggi yillarda Oyning turli qismlaridan namunalar olib kelib, katta tajriba to‘pladi.
Mutaxassislar fikricha, bu raqobat faqat texnologiya emas, balki geosiyosiy ahamiyatga ham ega. AQSH va Xitoy Oyda doimiy ishtirokni ta’minlash uchun turli xalqaro tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bir tomonda “Artemis” kelishuvlari, ikkinchi tomonda esa Xitoy va Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan loyihalar bor. Endi masala kim birinchi borishi emas, balki kim u yerda uzoqroq qolishiga aylanmoqda.
Shu bilan birga, Pekin oldida katta texnik sinovlar turibdi. Barcha uskunalarni bir vaqtda ishonchli ishlatish va xavfsizlikni ta’minlash oson emas, biroq tahlilchilar XXR o‘z rejalarini amalga oshirishga yaqin ekanini aytmoqda. Demak, yaqin yillarda Oy uchun kurash yanada qizg‘in tus olishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA