Ota-onalik mas’uliyati – farzand tarbiyasidagi eng ulug‘ burch
Ota-ona bo‘lish – eng katta baxtlardan biri. Biroq bu baxt bilan birga ulkan mas’uliyat ham keladi. Farzandni dunyoga keltirishning o‘zi kifoya emas. Uni sog‘lom, bilimli, odobli, mehnatsevar, vatanparvar va jamiyatga foydali inson qilib tarbiyalash har bir ota-onaning muqaddas burchidir.
Yurtimizda “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi izchillik bilan amalga oshirildi. Loyiha doirasida turli tadbirlar o‘tkazildi. Qo‘llanmalar yaratildi. Buning o‘zi yetarlimi?
Farzand tarbiyasi haqida gap ketganda, ko‘pincha bolaning huquqlari, uning erkinligi va manfaatlarini himoya qilish masalalari tilga olinadi. Albatta, bu juda muhim. Chunki bola ham to‘laqonli shaxs va uning sha’ni, qadr-qimmati, ta’lim olish, sog‘lom muhitda yashash va himoyaga ega bo‘lish kabi huquqlari bor. Ammo huquq haqida gapirar ekanmiz, mas’uliyat va burch tushunchalarini ham unutmasligimiz kerak. Zero, huquq va burch bir-biridan ajralgan tushunchalar emas. Ular bir-birini to‘ldiradi.
Bolaligimizdagi tarbiya
Biz katta bo‘lgan davrni eslasak, tarbiyaning o‘ziga xos jihatlari bor edi. O‘sha paytlarda maktab faqat bilim oladigan joy emas, balki mehnat va jamoaviy tarbiya maskani ham edi. Sinf xonalarini o‘zimiz tozalardik. Maktab hovlisini supurar, obodonlashtirish ishlarida qatnashardik. Hasharlarga chiqardik. Kimdir uyidan supurgi olib kelardi, kimdir belkurak. Hamma bir maqsad yo‘lida harakat qilardi.
Bu ishlar biz uchun oddiy mehnatdek ko‘ringan bo‘lsa-da, aslida ular orqali ko‘plab hayotiy saboqlarni o‘rganganmiz. Mehnat qilishni, birovning mehnatini qadrlashni, jamoa bilan ishlashni, berilgan vazifani oxiriga yetkazishni, kattalarning gapiga quloq solishni o‘rganganmiz.
Eng muhimi, bizda «bu ish mening ishim emas» degan tushuncha unchalik kuchli emasdi. Maktab – hammaning umumiy maskani, sinf – hammaning joyi, uni toza saqlash esa umumiy vazifa, deb qaralardi. Hasharlar ham nafaqat obodonchilik, balki odamlarni birlashtiruvchi, mehr-oqibat va hamjihatlikni kuchaytiruvchi an’ana edi. Qo‘ni-qo‘shni bir-biriga yordam berar, kattalar ish boshlar, yoshlar ularga ergashardi.
Bugun esa zamon o‘zgardi. Texnologiyalar hayotimizga chuqur kirib keldi. Bolalarning dunyoqarashi, qiziqishlari va ehtiyojlari ham o‘zgardi. Bugungi bola telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar va turli axborotlar orasida ulg‘ayapti. Shunday sharoitda tarbiyaga ham boshqacha yondashish talab etiladi.
Huquqni bilish mas’uliyatni unutish, degani emas
Bugungi farzandlar o‘z huquqlarini bizdan ko‘ra yaxshiroq bilishi mumkin. Buni salbiy holat deb qaramaslik kerak. Aksincha, o‘z huquqini bilgan bola o‘zini himoya qilishni, nohaqlikka duch kelganda qonuniy yo‘l bilan murojaat qilishni o‘rganadi.
Qonunchilikda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari mavjud. Agar bolaning huquqlari buzilsa, u tegishli himoya organlariga murojaat qilishi mumkin. Qonunchilikda belgilangan holat va tartiblarga qarab, bolaning huquqlari sud orqali ham himoya qilinishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalashga qonunchilikda alohida e’tibor qaratilgan. Amaldagi qonunlarga ko‘ra, bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda, ularni qonun doirasida himoyalash mexanizmlari mavjud, jumladan, qonunda belgilangan holatlarda sudga murojaat qilish imkoniyati ham kafolatlangan.
Bunday huquqiy yondashuv avvalgi davrdagi ota-ona va farzand munosabatlari haqidagi an’anaviy qarashlardan farq qilishi tabiiy. Ilgarilari «ota-ona — katta, farzand — kichik» degan tushuncha ustuvor bo‘lib, kattalarni hurmat qilish, ularning gapiga quloq tutish va oiladagi tartib-intizomga rioya etish tarbiyaning ustun jihatlari sanalgan.
Bugun esa bu qadriyatlarga bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish tamoyili ham qo‘shilgan. Bu ota-onaning qadrini pasaytirish yoki farzandni ota-onaga qarshi qo‘yish emas. Aksincha, zamonaviy huquqiy yondashuv oilada ham ota-onaning mas’uliyati, ham farzandning huquq va burchlari o‘zaro uyg‘un bo‘lishini nazarda tutadi.
Ammo bugungi huquqiy jamiyatda masalaga boshqacha yondashiladi. Ota-ona ham qonun oldida muayyan majburiyatlarga ega. Farzandning huquq va manfaatlarini ta’minlash – ota-onaning mas’uliyati. Shunisi muhimki, bolaning huquqi borligi ota-onaning qadrini tushirmaydi, ota-onaning burchi borligi esa farzandni ota-onadan ustun qo‘yish degani emas. Aksincha, huquqiy savodxonlik oilada o‘zaro hurmatni kuchaytirishi kerak.
Ota-onalik mas’uliyati nima?
Mutaxassislarning fikricha, ota-onalik mas’uliyatini faqat bolaning qornini to‘ydirish, kiyim-kechak olib berish yoki maktabga yuborish bilan cheklab bo‘lmaydi. Farzandga e’tibor berish, uning kimlar bilan do‘stlashayotganini bilish, o‘qishiga qiziqish, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganini nazorat qilish, muammosi bo‘lsa uni eshitish ham tarbiyaning bir qismidir.
Ayniqsa, hozirgi davrda ota-onaning farzandi bilan muloqot qilishi juda muhim. Chunki bola o‘zini eshitadigan odamni izlaydi. Agar uning savollariga uyda javob bo‘lmasa, u javobni ko‘chadan, internetdan yoki noto‘g‘ri manbalardan izlashi mumkin. Shuning uchun farzandga «Men aytdim – tamom!» deyishdan ko‘ra, «Nima uchun bunday o‘ylayapsan?», «Sening fikring qanday?», «Kel, bu masalani birgalikda hal qilamiz», degan munosabat ko‘proq samara beradi. Zero, tarbiya – avvalo, shaxsiy namuna.
Bola ota-onasining gapidan ko‘ra, ko‘proq uning xatti-harakatini ko‘radi. Agar ota-ona mehnatni qadrlasa, farzand ham mehnatga o‘rganadi. Agar ota-ona kattalarni hurmat qilsa, bola ham hurmatni o‘rganadi. Agar uyda kitob o‘qilsa, ilmga qiziqish bo‘lsa, bolaning dunyoqarashi ham shunga mos shakllanadi.
Bolalik davrlarini solishtirish muhimmi?
Katta avlod vakillari ko‘pincha: «Biz ham bola bo‘lganmiz. Sinf tozalaganmiz, hasharga chiqqanmiz, kattalarning gapini ikki qilmaganmiz», deydi. Bu xotiralarda juda katta tarbiyaviy ma’no bor. Biroq bugungi bolaga faqat «biz shunday qilganmiz, sen ham shunday qil» deyishning o‘zi yetarli emas. Nima uchun mehnat qilish kerakligini, nima uchun tozalikka rioya qilish zarurligini, nima uchun boshqalarga yordam berish insonning fazilati ekanini tushuntirish muhimdir.
Chunki zamon o‘zgargani bilan yaxshi fazilatlar o‘zgarmaydi. Mehnatsevarlik – kecha ham qadrli edi, bugun ham qadrli. Halollik – bugun ham kerak. Kattalarga hurmat – kecha ham, bugun ham muhim. Kichiklarga g‘amxo‘rlik bugun ham insonni bezaydi. Jamoaga foyda keltirish, o‘zidan keyin yaxshi nom qoldirish har qanday davrda ham inson uchun yuksak qadriyatdir.
Oiladagi o‘zaro hurmat
Oilada huquq va burch haqida gap ketganda, shuni unutmaslik kerakki, ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabat faqat qonun bilan emas, mehr va hurmat bilan ham boshqariladi. Ota-ona farzandiga mehr berishi, uni himoya qilishi, ta’lim va tarbiyasi uchun sharoit yaratishi kerak. Farzand esa ota-onasining mehnatini, g‘amxo‘rligini qadrlashni, ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rganishi zarur.
Farzandning huquqini bilishi yaxshi. Lekin huquqni bilish — xohlagan ishni qilish mumkin degani emas. Ota-onaning mas’uliyati bor. Ammo farzandning ham oiladagi odob-axloq qoidalariga amal qilish, ta’lim olishga harakat qilish, o‘z xatti-harakatlariga javob berish kabi mas’uliyatlari bor. Shuning uchun bolaga «sening huquqing bor» degan tushuncha bilan birga «sening burching ham bor» degan tushunchani ham singdirish zarur.
Maktab va oila hamkorligi
Farzand tarbiyasini faqat maktab zimmasiga yuklab qo‘yish ham to‘g‘ri emas.O‘qituvchi bolaga bilim beradi, tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatadi. Ammo bola kunining katta qismini oilasi va yaqin muhitida o‘tkazadi. Shu sababli maktab va oila bir-biri bilan hamkor bo‘lmasa, tarbiyada kutilgan natijaga erishish qiyin.
Ilgarilari ota-ona maktab bilan yaqin aloqada bo‘lgan. O‘qituvchining gapiga jiddiy qaralgan. Bolaning xatosi bo‘lsa, ota-ona va maktab birgalikda uni to‘g‘ri yo‘lga solishga harakat qilgan. Bugun ham bu hamkorlik zarur. Faqat bu hamkorlik tanbeh va jazo asosida emas, tushunish va hamjihatlik asosida qurilishi kerak. Ota-ona o‘qituvchini, o‘qituvchi ota-onani hurmat qilsa, eng katta yutuq bolaniki bo‘ladi.
Yaxshi tarbiya – eng katta meros
Inson farzandiga uy-joy, mol-mulk yoki boylik qoldirishi mumkin. Ammo farzandga berilgan eng katta meros yaxshi tarbiya, to‘g‘ri ta’lim va insonlik fazilatlaridir. Bugun bolaga nima bersak, ertaga shu narsa jamiyatga qaytib keladi. Agar biz farzandimizni mehnatsevar qilib tarbiyalasak, mehnatni qadrlaydigan avlod voyaga yetadi. Halollikni o‘rgatsak, halollikni qadrlaydigan avlod shakllanadi. Huquq va burchni birgalikda tushuntirsak, o‘z huquqini biladigan, ammo boshqalarning huquqini ham hurmat qiladigan fuqarolar kamol topadi.
Zero, ota-onalik mas’uliyati bugun har qachongidan ham muhim. Biz bolalikda sinf xonalarini tozalaganmiz, hasharlarga chiqqanmiz, jamoa bilan mehnat qilganmiz. Bugungi bolalarning sharoiti boshqacha bo‘lishi mumkin. Ammo tarbiyaning mohiyati o‘zgarmasligi kerak.Bola mehnatni bilishi, mas’uliyatni his qilishi, o‘z huquqini anglashi bilan birga o‘z burchini ham unutmasligi lozim.
Ota-ona esa farzandini faqat nazorat qilibgina qolmay, uni tushunishi, eshitishi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi va eng muhimi, o‘zi yaxshi namuna bo‘lishi kerak. Chunki farzand — ota-onaning ertangi kuni. Bugun biz unga qanday munosabatda bo‘lsak, ertaga u ham jamiyatga shunday munosabatda bo‘ladi.
Endilikda har bir ota-ona o‘zidan bir savol so‘rab ko‘rishi kerak:«Men farzandimga faqat yaxshi hayot qoldiryapmanmi yoki yaxshi inson bo‘lish uchun ham to‘g‘ri tarbiya berayapmanmi?» Bu savolning javobi nafaqat bir oilaning, balki butun jamiyatning ertangi kuniga ta’sir qiladi.Zero, farzand tarbiyasi kelajak oldidagi mas’uliyatdir.
N.Usmonova, O‘zA