Osoyishtalik posbonlariga ehtirom ko‘rsatildi
Guliston tumanida 25-oktabr — O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazilib, xizmat burchini sidqidildan ado etayotgan bir guruh xodimlar va soha faxriylari taqdirlanishdi.
Tumanning «Soyibobod» mahallasidagi «Yuksalish» tantanalar saroyida tashkil etilgan tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari, soha faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.


Tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev soha vakillarini kasb bayrami bilan muborakbod etib, ularning yurt osoyishtaligini asrash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi xizmatlarini e’tirof etdi.

Ta’kidlanganidek, aholi bilan hamkorlikni mustahkamlash, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va xalq ishonchini oqlash ichki ishlar organlari xodimlarining muhim vazifalaridandir. Bu borada ularning kasbiy mahorati, bilim va tajribasi, mas’uliyati hamda fidoyiligi muhim o‘rin tutadi.


Tadbirda xizmat vazifalarini namunali bajarib kelayotgan bir guruh xodimlar va sohada ko‘p yillar samarali mehnat qilgan faxriylarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.


Bayram tadbirining badiiy qismida tuman madaniyat bo‘limi xodimlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri