Oson pul illyuziyasi: sarob ortidagi fojia
Insoniyat yaralibdiki, mehnat va mashaqqat uning ulg‘ayish, kamol topish va o‘zligini anglash mezoni bo‘lib kelgan. Har bir g‘ishtning o‘z o‘rniga qo‘yilishi, har bir niholning yillar davomida parvarish qilinishi hayotning tabiiy va go‘zal qonuniyatidir.
Biroq XXI asrning shiddatli va raqamlashgan pallasiga kelib, ushbu azaliy qadriyatlar ortga chekinayotgandek tuyuladi. Jamiyat qon tomirlariga yashirincha kirib borayotgan, uning ma’naviy va ijtimoiy poydevorini ich-ichidan kemirayotgan xavfli illat — oson pul topish illyuziyasi kun tartibiga chiqmoqda. Bu shunday jozibador, yaltiroq sarobki, u yosh ko‘ngillarni sehrlab, o‘z girdobiga tortmoqda, tirik insonlarning taqdirini sovuq raqamlar evaziga yutib yubormoqda.
Smartfon ekranidan taralayotgan nur bugungi yoshlar uchun tungi chiroqni eslatadi. Yoshlar unga intilib, oqibatda qanotlari kuyib, halok bo‘lmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda «Hech nima qilmasdan boyib keting», «Birgina tugmani bosib, millionlar egasiga aylaning» qabilidagi reklamalar aynan o‘sha ko‘rinmas olovga aylanib ulgurdi.
Muammo ko‘lami rasmiy raqamlarda ham o‘z aksini topmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda kiberjinoyat va raqamli firibgarlik holatlari bir necha barobarga ko‘paydi. Eng achinarlisi, plastik kartalardan pul o‘g‘irlash va kiberfiribgarlik jinoyatlarini sodir etayotganlarning qariyb 80-85 foizini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etmoqda. Onlayn qimor va stavka o‘yinlariga ruju qo‘yganlar orasida maktab o‘quvchilari ham borligi botqoqning qanchalik chuqurligidan dalolat beradi. Tez va oson boyib ketish xomxayoli ortidan quvgan yuzlab, minglab yigit-qizlar o‘z hayotlarini virtual tavakkalchiliklar — onlayn qimor, turli tikish o‘yinlari va kiber-piramidalar bilan bog‘lamoqda.
Bu jarayonda eng xavotirli jihat shundaki, inson ongi mehnat tushunchasidan uzoqlashadi. Peshona teri to‘kib, kitob o‘qib, ilm o‘rganib yoki biror hunar egasi bo‘lib cho‘qqiga chiqish yo‘li ularga o‘ta uzoq va mashaqqatli bo‘lib tuyuladi. Ammo virtual dunyoda tasodifiy muvaffaqiyat ortida faqat achchiq haqiqat va bo‘sh hamyonlar qoladi.
Ushbu virtual tuzoqlar real hayotda shunchaki dasturiy kod emas, balkim insoniy fojialar omiliga aylanmoqda. Toshkentda sodir bo‘lgan voqeada 22 yoshli talaba yigit ota-onasi yetkazgan o‘qish shartnoma pulini onlayn tikish o‘yiniga sarflab yuboradi. Dastlabki aldamchi «omad»dan so‘ng, u bor-budidan ayriladi. Yutqazilgan pulni qaytarish ilinjida do‘stlaridan va mikromoliya tashkilotlaridan qarz olib, oqibatda qarz botqog‘i 50 million so‘mdan oshib ketgach, mudhish yo‘lni tanlaydi — o‘z joniga qasd qiladi.
Yana bir achchiq misolda 62 yoshli nafaqadagi shifokor onaxonga Telegram orqali go‘yoki ijtimoiy yordam ajratilgani haqida soxta xabar keladi. Sodda onaxon havolaga kirib, karta kodini yozishi bilan uning yillar davomida yig‘ib qo‘ygan 12 million so‘m jamg‘armasi yechib olinadi. Ushbu pulni o‘g‘irlagan shaxs esa 19 yoshli talaba bo‘lib chiqadi.
Xalqimizda “Mehnatsiz kelgan boylik — egasini yeydigan ilondir”, degan hikmat bor. Oson topilgan, ortida hech qanday intellektual yoki jismoniy mehnat yotmagan mablag‘ insonning ruhiyatini jarohatlaydi, undagi qanoat va shukronalik tuyg‘ularini yemiradi. Tasodifan bir marta virtual o‘yinda g‘olib bo‘lgan yoshlarda halol mehnatga nisbatan loqaydlik paydo bo‘ladi. Jamiyatda halollik poydevori qulab, o‘rnini oson o‘lja izlash xislati egallaydi. Birovning dardi va ko‘z yoshi jinoyatchi uchun shunchaki ekrandagi raqamlar almashinuviga aylanib qoladi.
Bunday ijtimoiy muammoning oldini olish uchun jamiyat va davlat darajasida keskin hamda tizimli choralar ko‘rilishi zarur.
Birinchidan, maktab va oliygohlarda “Raqamli immunitet va moliyaviy savodxonlik” mashg‘ulotlarini joriy etish lozim. Yoshlarga internetdan to‘g‘ri foydalanish, fishing havolalarni farqlash va kiber-tuzoqlardan himoyalanish qoidalari yoshligidan o‘rgatilishi kerak. Plastik karta ma’lumotlarini begonalarga uzatish — uy kalitini o‘g‘riga topshirish bilan barobar ekani ularning ongiga singdirilishi zarur.
Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda qimor va boshqa salbiy o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi har qanday yashirin reklamalar uchun javobgarlikni maksimal darajada og‘irlashtirish zarur. Oson pulni targ‘ib qilayotgan kontent jamoatchilik tomonidan qat’iy qoralanishi shart.
Uchinchidan, yoshlarning virtual olamdagi energiyasini bunyodkorlikka yo‘naltirish lozim. Har bir mahalla va tumanda bepul IT-markazlar, dasturlash va kibersportning foydali turlari bo‘yicha to‘garaklar ko‘paytirilib, ularga internet orqali qonuniy va halol mehnat bilan daromad topish yo‘llari o‘rgatilmog‘i darkor.
Farzandga faqat qimmatbaho smartfon olib berish va moddiy ehtiyojlarini qondirish — tarbiya degani emas. Bola qalbidagi bo‘shliq ilm, kitobxonlik va jonli muloqot bilan to‘ldirilmasa, bu bo‘shliqni internet o‘zining shafqatsiz qonunlari bilan egallaydi. Oson pul illyuziyasiga qarshi kurash — faqatgina huquq-tartibot organlarining emas, balki har bir oila, muallim va butun boshli jamiyatning vazifasidir. Yoshlarimizga haqiqiy muvaffaqiyat tasodiflar poygasida emas, balki tinimsiz mehnat, bilim va halollik ortida ekanini uqtirishimiz shart. Zero, mustahkam va baxtli hayot faqat halol va mashaqqatli mehnat poydevori ustiga barpo etiladi.
Jaloliddin Botirov,
O‘zDSMI magistranti