Osiyo O‘yinlari uchun qur’a tashlash marosimi 23-iyul kuni Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston terma jamoalari ham ham erkaklar, ham ayollar o‘rtasidagi futbol musobaqasida ishtirok etishadi.
Osiyo O'yinlariga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tadigan sana ma'lum bo'ldi.
Qur’a 23-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:00da boshlanadi. O‘sha kuni sakkizta sport turi uchun qur’a tashlanadi va ular quyidagi tartibda o‘tkaziladi: Suv Polosi, Gandbol, Futbol, Sepak Takrav, Kabbadi, Kriket, Regbi va Voleybol.
O‘zbekiston terma jamoalari ham ham erkaklar, ham ayollar o‘rtasidagi futbol musobaqasida ishtirok etishadi. Erkaklar U-23 tarkib bilan ishtirok etishsa, ayollar musobaqasida asosiy terma jamoa qatnashadi. Erkaklar musobaqasida jami 15ta jamoa ishtirok etadi. Jamoalar 4ta guruhga taqsimlanishadi, A, B, C guruhlarida to‘rttadan, D guruhida 3ta jamoa bo‘ladi. Savatlar OFKning yil boshida o‘tkazilgan U-23 Osiyo Kubogi natijalariga qarab taqsimlangan, O‘zbekiston ikkinchi savatda. Erkaklar musobaqasi 15-sentyabrdan 3-oktyabrgacha davom etadi. O‘yinlar Yaponiyaning Osaka, Toyota, Nagoya va Kariya shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Final uchrashuviga Toyota shahridagi 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Toyota” stadioni mezbonlik qiladi. Erkaklar musobaqasida jamoalar 22ta o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Futbolchilar 2003-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, olimpiada musobaqasidagi kabi tarkibga uchta katta yoshdagi futbolchini ham kiritish mumkin.
Ayollar musobaqasida jami 12ta jamoa ishtirok etadi. Jamoalar 3ta guruhga taqsimlanishadi. Savatlar OFKning yil boshida o‘tkazilgan Ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi natijalariga qarab taqsimlangan, O‘zbekiston uchinchi savatda. Ayollar musobaqasi 14-sentyabrdan 2-oktyabrgacha davom etadi. O‘yinlar Yaponiyaning Fukuroi, Osaka, Nagoya va Kariya shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Final uchrashuviga Fukuroi shahridagi 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Shizuoka” stadioni mezbonlik qiladi. Ayollar musobaqasida yosh cheklovi yo‘q, jamoalar milliy terma jamoaning asosiy tarkibi bilan ishtirok etishlari mumkin.