Osiyo chempionati Bo‘stonliqda start oldi
Bo‘stonliq tumani ilk bor tog‘ velosipedi “Mountain Bike” bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Besh kun bo‘lib o‘tadigan turnir eng ekstremal va tomoshabop ekani bilan ajralib turadi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan musobaqaning tantanali ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi, O‘zbekiston velosiped sport federatsiyasi Raisi Tanzila Norboyeva, Osiyo velosport konfederatsiyasining prezidenti, UCI vitse-Prezidenti Dato Amarjit Singx, Sport vazirligi mas’ullari, hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Dastlab musobaqada ishtirok etayotgan terma jamoalarning paradi tashkil etildi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Senat raisi T.Norboyeva chempionatning aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi xalqaro velosiped hamjamiyati tomonidan sport infratuzilma, tashkiliy salohiyat va xalqaro musobaqalarni qabul qilish imkoniyatlariga bo‘lgan ishonch ortib borayotganini yaqqol namoyon etishini ta’kidladi.
[gallery-30086]
Tadbirda “Mountain Bike” bo‘yicha o‘tkazilayotgan 33-Osiyo chempionati rasman ochiq deb e’lon qilindi. Barcha terma jamoalar vakillariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Musobaqalar dasturiga 5 ta yo‘nalish kiritilgan bo‘lib, ularning barchasi sportchilardan yuqori jismoniy tayyorgarlik, texnik mahorat, tezkor qaror qabul qilish, murakkab tabiiy trassada harakatlanish qobiliyati va jamoaviy hamkorlikni talab etadi. Chempionatda Osiyoning yetakchi velosiped sporti mamlakatlari vakillari jalb qilingan bo‘lib, 18 ta davlatdan 300 nafarga yaqin sportchi qatnashmoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu chempionatda 20 nafar sportchi bilan ishtirok etayotgani alohida e’tiborga molik. Bu ko‘rsatkich mamlakatimizda velosportning ushbu yo‘nalishi qisqa muddat ichida shakllanib, xalqaro maydonda munosib ishtirok etish salohiyatiga ega bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Xalqaro nufuzli musobaqani shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida Butunjahon antidoping tashkiloti tomonidan vakillar ishtirok etmoqda. Shuningdek, jarayonlar yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash uchun xalqaro mutaxassislar jalb qilindi. Poygalar o‘tkazilayotgan trassa turkiyalik muhandislar tomonidan tashkil etilgan.
E’tiborlisi, Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqa 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun muhim reyting ochkolarini taqdim etadi.
Musobaqaning ilk dasturlaridagi g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Xususan, “Kross kauntri” yo‘nalishidagi estafeta hamda yakkalik bahslarida xitoylik poygachilarga teng keladigani topilmadi. Ikkinchi kungi DHI (yuqoridan pastga vaqt bo‘yicha) bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi qizlari medallarni hech kimga berishmadi. Sevinchoy Zaripboyeva bronza, Aliza Rejepova kumush va Mariya Zakirova oltin medalga ega chiqdi.
Musobaqalar davom etmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari