“Hindustan Times”: Hindiston O‘zbekistonning sport siyosatidan nimani o‘rganishi lozim?
Dehlining nufuzli “Hindustan Times” nashrida “Hindiston O‘zbekistondan nimani o‘rganishi mumkin?" sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilinib, unda yurtimizning sport sohasida bosqichma-bosqich erishayotgan yutuqlari Hindiston uchun muhim tajriba sifatida baholangan.
Nashrda qayd etilishicha, diyorimizning ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘l olishi nafaqat sport yutug‘i, balki davlat darajasida uzoq muddatli strategiya samarasi hisoblanadi. Muallif fikricha, O‘zbekistonning mazkur natijaga erishishida hukumatning izchil siyosati hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.
Shuningdek, maqolada o‘lkamiz erkaklar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etayotgan Markaziy Osiyodagi ilk davlat sifatida tarixga kirganligi bayon etilgan.
Muallif xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston tajribasi Hindiston uchun muhim saboq bo‘la oladi. Ayniqsa, futbol infratuzilmasiga sarmoya kiritish, yoshlar akademiyalarini rivojlantirish va davlat qo‘llovini kuchaytirish kabi omil xalqaro maydonda yuqori natijaga erishishning asosiy sharti sifatida ko‘rsatilgan.
D.Hakimov, O‘zA