“Oq-Qiya” bojxona punkti hamda “So‘x” chegara bojxona posti 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi
Endilikda Shohimardon qishlog‘i hamda So‘x tumaniga dam olish maqsadida yo‘l olgan fuqarolar uchun chegara o‘tish punktlaridan sutkaning istalgan vaqtida bemalol o‘tish imkoniyati yaratildi.
Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati Bojxona boshqarmasiga qarashli “Farg‘ona” chegara bojxona posti, Shohimardon qishlog‘iga kirish qismida joylashgan “Oq-Qiya” bojxona punkti hamda “So‘x” chegara bojxona posti 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi.
Avval ushbu bojxona nazorat-o‘tkazish maskanlari soat 06:00 dan 22:00 gacha xizmat ko‘rsatib kelgan edi.
Mazkur o‘zgarishlar asosan yozgi sayyohlik mavsumida fuqarolarning harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish, yo‘lovchilar oqimidagi tirbandliklarni kamaytirish hamda dam olish maskanlariga borishni yanada yengillashtirish maqsadida joriy etildi.
Ta’kidlanishicha, yangi tartib joriy yilning 1-oktabriga qadar amal qiladi. Shohimardon va So‘x yo‘nalishlariga dam olishga yo‘l oladigan fuqarolar ushbu qulaylikdan erkin foydalanishlari mumkin.
Bu, bayram kunlari, jumladan Hayit arafasida taqdim etilgan qo‘shimcha qulaylikdir.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA