Sahnada yangi iste’dodlar bo‘y ko‘rsatishdi
Sirdaryo viloyatida yoshlarning ijodiy salohiyati, san’atga bo‘lgan mehri va orzulari yana bir bor katta sahnada namoyon bo‘ldi. “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST tanlovining viloyat bosqichi bu safar oddiy musobaqa emas, balki iste’dod, mehnat va orzular to‘qnashgan haqiqiy ijodiy maydonga aylandi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan ushbu loyiha yoshlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va san’atga bo‘lgan intilishni amaliy natijalarga aylantirishga xizmat qilmoqda. Sahna esa bugun orzular sinovdan o‘tadigan, iste’dod tan olinadigan va yangi nomlar tarixga muhrlanadigan maydon sifatida namoyon bo‘ldi.
Saralash bosqichlarida 8 ming nafardan ortiq yosh ishtirok etgani ushbu tashabbusga bo‘lgan qiziqishning naqadar yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ular orasidan 64 nafar eng iqtidorli yosh viloyat bosqichiga yo‘l oldi va bu yerda o‘zlarining ovoz imkoniyatlari, ijodiy yondashuvi hamda sahna madaniyati bilan hakamlar va tomoshabinlar e’tiborini qozonishga harakat qilishdi.
Tanlov ochilishida Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Akramov yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasida ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidlab, bu kabi tanlovlar yangi avlod san’atkorlari uchun muhim maktab bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Sahnada estrada, an’anaviy ijro, opera va baxshichilik yo‘nalishlaridagi chiqishlar bir-biriga ulanib, haqiqiy san’at musobaqasiga aylandi. Ishtirokchilar 10–15, 16–22 va 23–30 yosh toifalarida bellashib, nafaqat ovoz, balki tafakkur, uslub va sahna madaniyatini ham sinovdan o‘tkazdi. Baholash jarayonida respublikadan taklif etilgan malakali hakamlar hay’ati har bir chiqishni xolis baholashga harakat qilishdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida g‘oliblar munosib taqdirlanishdi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Akramov hamda Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Jasur Egamberdiyev tomonidan ularga sovrinlar topshirildi.
Eng muhimi, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 12 nafar yosh Respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Bu ular uchun nafaqat yutuq, balki yanada katta mas’uliyat hamdir.
G‘oliblar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha aniqlandi. “Estrada” yo‘nalishida Alibaba Mansimov (Sirdaryo tumani), Manzura Valiboyeva (Mirzaobod tumani) va Doston Abduhamidovlar (Xovos tumani) g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
“An’anaviy ijro” yo‘nalishida esa Murodjon Erkaboyev (Sirdaryo tumani), Shukrullo Orifjonov (Xovos tumani) hamda Zoirjon O‘rinboyevlar (Boyovut tumani) eng yuqori natijani qayd etishdi.
[gallery-29540]
“Opera” yo‘nalishida Murodjon Turg‘unov (Sirdaryo tumani), Shodiyor O‘rozaliyev (Mirzaobod tumani) va Zoir Mamatovlar (Sardoba tumani) g‘oliblar safidan joy olishdi.
“Baxshichilik” yo‘nalishida esa Mardon Alisherov (Guliston tumani), Shohjahon Alisherov (Guliston tumani) hamda Nurqobil Sherbatovlar (Guliston tumani) birinchi o‘rin sohiblari sifatida e’tirof etildi.
“Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST bugun yoshlar uchun oddiy tanlov emas, balki orzu va imkoniyat o‘rtasidagi ko‘prikka aylangan. Sahnada porlagan bu iste’dodlar esa ertangi kun san’atining yangi yuzini belgilab berishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA