“Oq kabutar”da maroqli ta’til
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Oq kabutar” bolalar oromgohida yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish mavsumi uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
“Sho‘raxon” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mazkur oromgohda joriy mavsumda 5 smenada jami 825 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu yerda 165 nafar bola maroqli hordiq chiqarmoqda.
Mavsumga tayyorgarlik doirasida oromgohning barcha binolarida ichki va tashqi ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, bolalarning mazmunli dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hududga manzarali daraxtlar va turli gullar ekilib, oromgoh yanada ko‘rkam qiyofa kasb etdi.
[gallery-30266]
Tarbiya va dam olish jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida oromgohda 5 nafar tarbiyachi, 1 nafar to‘garak rahbari, 2 nafar sport yo‘riqchisi va 5 nafar yetakchi faoliyat yuritmoqda. Jalb etilgan 11 nafar pedagog-tarbiyachi malaka oshirish kurslaridan o‘tgan.
Oromgohda bolalarning har bir kuni mazmunli va qiziqarli o‘tishi uchun kasb-hunar, san’at, ijod va sport yo‘nalishlarida to‘garaklar tashkil etilgan. Shuningdek, turli ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalari orqali bolajonlarning bilim va mahorati charxlanmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA