Ona Yer taqdiri — mening mas’uliyatim!
5 iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
Bugungi kunda jahon miqyosida yuz berayotgan jarayonlar — ekologiyaning yomonlashuvi, iqlim o‘zgarishi, ozon qatlamining yemirilishi, cho‘llanish va tuproq degradatsiyasi, bioxilma-xillikning qisqarishi, ichimlik suvi tanqisligi, o‘rmonlar inqirozi insoniyat uchun nihoyatda dolzarb global ekologik muammolardan biriga aylandi. Aholi sonining oshib borishi, sanoat va transport rivoji, fan-texnika taraqqiyoti ekologik inqirozlarni yanada kuchaytirmoqda. Bu kabi murakkab muammolar qarshisida turgan insoniyat ayanchli oqibatlarni anglagan holda tabiatni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish choralarini ko‘rmoqda.

Bu borada 5 iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida belgilangani va dunyo bo‘ylab keng nishonlanishi alohida e’tiborga molik. Ushbu sananing joriy etilishi va ahamiyati haqida O‘zbekiston Ekologik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi:

— Har yili 5 iyun kuni dunyo bo‘ylab keng nishonlanadigan Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni bu nafaqat ekologlar bayrami, balki har bir insonning kelajak oldidagi burchini anglash kunidir. 50 yildan ziyod vaqtdan beri bu sana 100 dan ortiq mamlakatda ekologik xabardorlikni oshirish, tabiatni muhofaza qilish yo‘lida faol sa’y-harakatlar bilan nishonlanib kelinmoqda.
Ushbu sana ilk bor 1972 yil 5 iyunda Shvetsiyaning Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Atrof-muhit masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyasida belgilab qo‘yilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan YUNEP — Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi tashkil etildi va 1974 yildan boshlab mazkur kun global miqyosda nishonlanib kelinmoqda.

Bugungi kunga kelib, iqlim o‘zgarishi, havo ifloslanishi, chuchuk suv tanqisligi, energiya taqchilligi, chiqindilar bilan bog‘liq muammolar jahon hamjamiyati oldida eng dolzarb masalalardan biri sifatida turibdi. Bir vaqtlar faqat olimlar va mutaxassislar qayg‘urgan muammolar endilikda har birimizning hayotimizga, salomatligimizga bevosita ta’sir qiladigan darajaga yetdi.
Shu haqida o‘ylaganimda, tabiat faqatgina himoya qilish kerak bo‘lgan boylik emas, balki biz yashab turgan uy, nafas olayotgan havo, ichayotgan suv ekanini yanada chuqur his qilaman. Agar biz bu ne’matlarni asramasak, farzandlarimiz nafaqat musaffo osmonsiz, balki kelajak umidisiz ham qolishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili iflos muhit sababli kamida 5,5 million inson hayotdan ko‘z yummoqda. 2050 yilga kelib, bu raqam 6 milliondan oshib ketishi kutilmoqda. Bu raqamlar har yili yo‘qotilayotgan hayotlar, hali ro‘yobga chiqmagan orzular ekanini tushunganimda, yuragim titrab ketadi.

BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Munning “Bir muammoning yechimi qolgan barcha muammolarni ham hal etadi” degan fikri men uchun hayot shioriga aylangan. Chunki atrof-muhitni muhofaza qilish — qashshoqlikni bartaraf etish, sog‘liqni saqlashni yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlarga ham yo‘l ochadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyo bo‘ylab havoning ifloslanishiga eng ko‘p ta’sir qiluvchi omil — ko‘mirdan foydalanish hisoblanadi. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar ekologik toza texnologiyalarga o‘tayotgan bir paytda, biz ham kelajak uchun bu yo‘nalishda jiddiy qarorlar qabul qilishimiz davr talabidir.
Darhaqiqat, yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimiga qo‘shildi. Yaqinda ekologik ta’limni rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilindi, “yashil” iqtisodiyotni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini keng qo‘llash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi, tabiatni muhofaza qilishda keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati va har bir fuqaro ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki inson salohiyati va imkoniyatlarini ham oshiradi.
Men bir inson, bir ona sifatida doim shunday savol beraman: “Farzandlarimga qanday Yer qoldiraman?” Ular tabiat ne’matlarini ko‘rib yashashlarini xohlasam, bugundan harakat qilishim shart.
Chunki farzand kamolini ko‘rish — bu faqat uning o‘qishi, mansab topishi emas, balki u sog‘lom muhitda, toza havoda, sabzavotni kimyoviy vositalarsiz yeb, tabiatda sayr qilib voyaga yetishi hamdir.
Shu sababli men har kuni o‘zimdan boshlayman — plastik idishlardan kamroq foydalanaman, chiqindilarni saralayman, issiqlikni tejayman, bolalarimga tabiatni sevishni o‘rgataman. Chunki katta o‘zgarishlar har doim kichik qadamlardan boshlanadi.
5 iyun — bu odatiy sana emas. Bu kun tabiat, inson va kelajak o‘rtasidagi ko‘prikdir. U bizni o‘ylashga, anglashga, amal qilishga chorlaydi. U bizning insoniy qiyofamizni namoyon etadi. Kimki Yerni asrasa, u insoniyatni asragan bo‘ladi. Ona Yer — bizning umumiy uyimiz. Unga nisbatan bo‘lgan har bir muruvvat kelajak avlodga tuhfa qilinayotgan buyuk sovg‘adir.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA