Indoneziya BMTga murojaat qildi
Indoneziya Livandagi BMT muvaqqat kuchlari (UNIFIL) tarkibida xizmat qilayotgan uch nafar indoneziyalik askarning o‘limi ortidan BMT tinchlikparvarlari uchun xavfsizlik kafolati ta’minlanishini talab qildi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Sugiono.
- Tinchlikparvarlar uchun xavfsizlik kafolatlanishi shart, chunki ular osoyishtalikni saqlaydilar, - deya “Antara” axborot agentligi mulozimning so‘zlaridan iqtibos keltirgan.
Sugiono mazkur missiya va “tinchlikni ta’minlash amaliyoti” o‘rtasidagi tub farqni keltirib, BMT kuchlari jangovar emasligini ta’kidladi. Livandagi vaziyat BMT xodimlariga xavf tug‘dirmasligi kerakligi, tinchlikparvarlar uchun xavfsizlik kafolati mutlaq talab ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u BMTni missiya joylashgan hududlarida xavfsizlik tartib-qoidasini har tomonlama ko‘rib chiqishga chaqirdi.
- Biz BMTdan tinchlikparvar kuchlar qayerda joylashtirilishidan qat’i nazar, ayniqsa “UNIFIL”da ularning xavfsizligi qayta ko‘rib chiqilishini so‘raymiz, - dedi Sugiono.
Avvalroq Indoneziya uch nafar harbiy xizmatchisi - kapitan Zulmiy Aditiya Iskandar, birinchi serjant Muhammad Nur Ehvon va kapral Faxrizol Romadxonning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum munosabati bilan BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig‘ilishi chaqirilishini so‘ragan edi.
Jakarta hujumni keskin qoralab, batafsil tergov o‘tkazish talabi bilan chiqqan.
S.Rahimov, O‘zA