Ona va bola salomatligi – millat kelajagi
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, jamiyatning eng nozik qatlami hisoblangan onalar va bolalar sog‘lig‘ini asrash, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq erishilgan yutuqlar bilan birga, ushbu nozik sohada hali o‘z yechimini kutayotgan va tizimli yondashuv hamda qat’iy nazoratni talab qiluvchi dolzarb muammolar ham yo‘q emas. Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligida mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini asrashga mas’ul muassasalar hamda tug‘ruq komplekslari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan videokonferensaloqa shaklidagi muloqot ana shunday og‘riqli masalalarni ochiq-oshkor tanqidiy tahlil qilib, kelgusi vazifalarni belgilab oldi.

Har qanday soha taraqqiyoti avvalo, uning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Bugungi kunda yurtimizda 17 million nafardan ortiq (shundan 9,4 milliondan ziyodi tug‘ish yoshidagi) ayollarga 231 ta tug‘ruq majmuasi xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan 13,3 milliondan ziyod bolalar 245 ta pediatriya muassasasi nazoratida. Oilaviy poliklinikalar qoshida tashkil etilgan “Ayollar maslahatxona”lari, “Prenatal skrining xona”lari hamda “Onko-nazorat xona”lari aholiga birinchi bo‘g‘inning o‘zidayoq sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim omil bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, hozirga kelib mamlakatimiz bo‘yicha homilador ayollarning 81 foizi prenatal ultratovush tekshiruvi bilan qamrab olingan. Irsiy kasalliklarni erta aniqlash va davolash mexanizmi izchil yo‘lga qo‘yilgani, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlarning tizimli ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgani ijobiy natijalar bermoqda. Shu bilan birga, moddiy bazani yanada yaxshilash maqsadida hududlarda so‘nggi uch yilda jami 2 204 ta qo‘shimcha tug‘uruq o‘rni tashkil qilindi. Joriy yilda ular soni yana 1 057 taga, 2027-yilda esa 1 060 taga ko‘paytirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, xalqaro dasturlar asosida 1 984 nafar soha mutaxassisining malakasi oshirilgani ham e’tiborga molik.

Barcha ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, vazirlik muloqotda sohada yig‘ilib qolgan muammolarni keskin tanqid qildi. Xususan, kadrlar va mutaxassislar yetishmovchiligi masalasi jiddiy tus olgani qayd etildi. Mamlakatimiz bo‘yicha, o‘rindoshlik hisobida 520 ta akusher-ginekolog shtati bo‘sh turibdi. Jumladan, Farg‘onada 100, Namanganda 66, Toshkent shahrida 56 va Sirdaryoda 51 nafar shunday mutaxassis yetishmayapti. Shuningdek, respublika tibbiyot muassasalarida 687 nafar anesteziolog-reanimatolog o‘rni ham vakantligicha qolmoqda. Yuqori texnologik amaliyotlar ko‘lamining torligi ham muammolardan biri bo‘lib, bugungi kunda respublika bo‘yicha atigi 126 nafar ginekolog laparoskopda ishlash ko‘nikmasiga ega. Ularning 102 nafari Toshkent shahri va viloyat markazlarida faoliyat yuritsa, tuman shifoxonalarida bor-yo‘g‘i 24 nafar shunday mutaxassis mavjud. Bu esa joylardagi o‘z vaqtida ko‘rsatiladigan yuqori texnologik yordamga to‘siq bo‘lmoqda.
Shuningdek, salomatligi ko‘tarmasligiga qaramay homilador bo‘layotgan va hayoti jiddiy xavf ostida qolayotgan ayollarning tibbiy hisobi to‘liq yuritilmayotgani va alohida nazoratga olinmayotgani juda achinarlidir. Afsuski, o‘tgan yili qayd etilgan onalar o‘limining 30 foizi aynan shu toifadagi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, tahlillarga ko‘ra, turli tug‘ma nuqson va irsiy xastaliklar aniqlangan bolalarning 10 foizi yaqin qarindoshlar nikohi tufayli dunyoga kelmoqda. Har yili o‘rtacha 50 ming nafar ayol sog‘lig‘i to‘liq tiklanmasdan, oradan 2 yil ham o‘tmasdan yana farzand ko‘rayotgani (bunday holatlar Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ko‘proq uchramoqda) onalar organizmini haddan tashqari toliqtirmoqda.

Muloqot so‘nggida sog‘liqni saqlash vaziri har bir hudud va tug‘uruq muassasasi rahbarlarining hisobotlarini tinglab, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish faqatgina tibbiyot xodimlarining emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, tizimda mas’uliyatni oshirish hamda qat’iy tahlil va nazoratni o‘rnatish orqaligina sog‘lom avlodni voyaga yetkazish va millat genofondini asrab qolish mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA