Mas’uliyatsiz ota 15 sutkaga qamaldi
Xorazm viloyati Yangiariq tumanida o‘z farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelgan otaga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi.
Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosining Yangiariq tumani bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida fuqaro J.X. sud qarori bilan belgilangan aliment to‘lovlarini muntazam ravishda to‘lamay kelgani aniqlandi. Davlat ijrochilari tomonidan bir necha bor ogohlantirish va tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan.

Natijada, joriy yil 1-avgust holatiga qarzdor J.X. ning uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun alimentdan 94 million 100 ming so‘mni tashkil qilgan.
Boshqarmaning qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida qarzdor J.X. boshqa hududda ushlanib, Yangiariq tumaniga olib borilgan va bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4 moddasiga asosan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiariq tumani sudiga yuborildi.
Sud majlisida qarzdorning xatti-harakatlari ko‘rib chiqilib, unga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri