Ommaviy diktant tanlovi o‘tkazildi
O‘zbek tilining nufuzini yuksaltirish, xodimlarning davlat tilida ish yuritish madaniyati va yozma savodxonligini oshirish maqsadida Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida ommaviy diktant tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi «Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash hamda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbir «Tilimiz — milliy boyligimiz» bosh g‘oyasi ostida, «Ona tilim — faxrim, g‘ururim!» shiori bilan o‘tkazildi.

Tadbirda o‘zbek tili xalqimizning milliy o‘zligi, mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boyligi va buyuk qadriyati ekani alohida ta’kidlandi. Zero, davlat tiliga hurmat, milliy qadriyatlarga hurmat, uni puxta bilish va amalda to‘g‘ri qo‘llash esa har bir fuqaroning mas’uliyatidir.

Tanlovda korxonaning turli sex va bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etib, o‘zbek tilida savodli yozish, imlo qoidalariga rioya qilish va ish yuritish borasidagi bilim hamda ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Bunday tadbirlar xodimlarning til savodxonligini oshirish bilan birga, davlat tilining kundalik mehnat faoliyatidagi o‘rni va ahamiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, elektr sexi xodimi Saida Abduraimova birinchi, texnik ishlab chiqarish bo‘limi xodimasi Ra’no Sharipova ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘ringa esa 1-qozon-turbina sexi ishchisi Xurshid O‘rinboyev va Xodimlar tayyorlash markazi xodimasi Nozima Berdiyorova munosib deb topildi.

G‘oliblarga kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur tanlov ona tiliga ehtiromni kuchaytirish, davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish va jamoada o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri