Oltinsoyda 45 ming tonna uzum yetishtirildi
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani uzumchilik rivojlangan hududlardan biri hisoblanadi. Joriy yilda tumandagi 5,5 ming gektar uzumzordan 45 ming tonna hosil olindi. Bu viloyatda yetishtirilgan jami uzum hosilining salmoqli qismini tashkil etadi.
Oltinsoyda uzumchilik azaldan dehqonchilikning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib kelgan. Xususan, tumanning Guliston mahallasida qariyb yarim asrdan buyon avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan oilaviy uzumzorda bugun ham mo‘l hosil yetishtirilmoqda.
Mazkur bog‘da asosan toifi navli uzum parvarishlanadi. Bu nav o‘zining ta’mi, ko‘rinishi va tegishli sharoitda uzoq muddat saqlanishi bilan ajralib turadi.
Voha iqlimining qulayligi, dehqonlarning ko‘p yillik tajribasi hududda uzumchilikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda Oltinsoy tumanida uzumning 10 dan ortiq navi yetishtiriladi. Yig‘ib olingan hosil ichki bozorlarga yetkazib berilishi bilan birga, qayta ishlash korxonalari uchun ham muhim xomashyo manbai bo‘lmoqda.
– Oltinsoy tumanida uzumchilik qishloq xo‘jaligining yetakchi yo‘nalishlaridan biri, - deydi tuman hokimligining mas’ul xodimi Otabek Xo‘shboqov. – Joriy yilda viloyatdagi 10,3 ming gektar uzumzordan 70 ming tonnadan ortiq hosil olindi. Shundan 45 ming tonnasi tumanimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sohani rivojlantirish, yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash va investitsiyalar jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2025-yilda uzumchilik yo‘nalishiga 3 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 5 million dollarga yetdi. Yil yakuniga qadar bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.
[gallery-32122]
Tumanda uzumchilikning rivojlanishi aholi bandligini ta’minlash, dehqon va fermer xo‘jaliklari daromadini oshirish, qayta ishlash tarmog‘ini kengaytirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA