“Oltinsoy” sanatoriysi zamonaviy talablar asosida yangilandi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida nafaqat shifoxonalar va oilaviy poliklinikalar, balki sanatoriy va sog‘lomlashtirish muassasalari ham zamonaviy talablar asosida yangilanmoqda. Bu esa inson salomatligiga yo‘naltirilgan e’tiborning amaliy natijasidir.
Bugungi kunda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq sanatoriy yurtdoshlarimiz salomatligini tiklashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Oltinsoy” sanatoriysi ham ana shunday muassasalardan biridir. Yaqinda ushbu sihatgoh to‘liq rekonstruksiya qilindi.

Rekonstruksiya jarayonida ikki qavatli bino to‘liq zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Ma’muriy va qabul bo‘limlari, fizioterapiya xonalari, tuz g‘ori, jismoniy tarbiya zali, ozonoterapiya, lazeroterapiya, ingalyatsiya, darsonval, UZI, kardiologiya va EKG xonalari zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlandi.
– Albatta, bunday loyihalarning hayotga tatbiq etilayotgani yurtimizda “inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyaning amaldagi ifodasidir, – deydi sanatoriy rahbari Ne’mat Suvonov. – Chunki sog‘lom inson – barqaror taraqqiyot, kuchli jamiyat va farovon hayotning eng muhim omili hisoblanadi. Sanatoriylarni modernizatsiya qilish orqali aholiga sifatli tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish, profilaktik davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda nuroniylar, mehnat faxriylari va keng aholi qatlamining salomatligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi tizim shakllanmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, avval faqat mavsumiy tarzda faoliyat yuritgan sanatoriy endilikda yil davomida uzluksiz xizmat ko‘rsatadi. Bir vaqtning o‘zida 85 nafar fuqaroni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan maskanda zamonaviy yashash va davolanish sharoitlari yaratilgan.

– Men bu sanatoriyga birinchi marta kelishim, – deydi Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi mehnat faxriysi Olloyor ota Norov. – Bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib chindan ham havasim keldi. Xonalar yorug‘ va shinam, davolash uskunalari zamonaviy, xodimlar esa xushmuomala. Yoshimiz ulg‘aygan sari shunday maskanlarga ehtiyoj ortadi. Davlatimiz tomonidan nuroniylarga ko‘rsatilayotgan e’tiborni shu yerning o‘zidayoq his qildik. Bu yerda inson nafaqat davolanadi, balki ruhan dam oladi.

“Oltinsoy” sanatoriysining qayta ta’mirlanishi amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Zamonaviy tibbiy texnologiyalar, malakali mutaxassislar, qulay infratuzilma va yuksak servis birlashgan ushbu maskan nafaqat Navoiy viloyati, balki qo‘shni hududlar aholisi uchun ham ishonchli sog‘lomlashtirish markaziga aylanishi shubhasiz.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri