Qabul-2026: kimlar uchun qo‘shimcha grant va alohida kvotalar ajratildi?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish bilan bir qatorda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qabul jarayonlarida imtiyozli kvotalarni joriy etish orqali yetim bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda xotin-qizlarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Bu esa ta’lim sohasida teng imkoniyatlar tamoyilini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim mexanizm hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan 2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlarining umumiy qabul parametrlari tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator qo‘shimcha davlat granti va alohida qabul kvotalari ajratildi.
Jumladan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun qo‘shimcha 1 foizlik davlat granti kvotasi belgilandi. Bu mazkur toifadagi yoshlarning oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va ularning kelajakda munosib kasb egallashiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Shuningdek, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha 10 foizlik davlat granti kvotasi ajratildi. Ushbu qaror kam ta’minlangan oilalar farzandlarining moliyaviy to‘siqlarsiz oliy ta’lim olishi uchun muhim ijtimoiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar ham davom ettirilmoqda. Xususan, kamida 5 yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun 2 500 ta alohida to‘lov-kontrakt o‘rni ajratildi. Bu mehnat faoliyatini olib borayotgan ayollarga o‘z malakasini oshirish va oliy ma’lumot olish imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 4 000 ta davlat granti ajratildi. Bu qaror xotin-qizlarning ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, ularning jamiyatdagi o‘rni va iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, qabul kvotalarida ijtimoiy yo‘naltirilgan yondashuvning kuchaytirilishi mamlakatda inson kapitali sifatini oshirish, teng imkoniyatlarni ta’minlash va aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash siyosati izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Umuman, 2026/2027 o‘quv yili uchun tasdiqlangan qabul parametrlari nafaqat oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, balki ta’lim orqali ijtimoiy adolatni ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA