Oltin to‘p masalasini Jahon chempionati hal qiladi(mi)?
Qisqasi, bo‘lajak mundial bu savollarning barchasiga yechim topib beradi.
Futbol olamida eng yuqori darajadagi individual sovrin Oltin to‘p hisoblanadi. Ushbu sovrinni mavsum davomida eng yuqori darajada harakat qilgan, individual va jamoaviy sovrinlarni eng ko‘p yutgan futbolchi qo‘lga kiritadi.
Joriy mavsumda ko‘plab futbolchilar o‘zining yuqori klassdagi o‘yinini ko‘rsatib kelmoqda. Lamin Yamal, Xarri Keyn, Erling Xoland, Kilian Mbappe Maykl Olise va yana bir nechta futbolchilarni sanash mumkin. Joriy yilda jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tishini inobatga olsak, katta ehtimol bilan mundial g‘olibligini qo‘lga kiritgan terma jamoa futbolchisida Oltin to‘pni yutish imkoniyatlari baland bo‘ladi. Bu tarafdan olib qaralsa, Erling Xolandda imkoniyat eng kam desak bo‘ladi. Chunki Norvegiya terma jamoasining mundialda g‘alaba qozonish imkoniyati deyarli ilojsiz. Kilian Mbappe esa terma jamoasi safida boshqacha futbolchiga aylanadi va mundialda uning ham imkoniyat darajasi yuqori. Biroq Fransiya turnirda g‘olib bo‘lsa-yu, "Bavariya" klubi Yevropa Chempionlar ligasida zafar quchadigan bo‘lsa, tarozining pallasi Maykl Olise tomonga og‘ib ketadi. Amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya terma jamoasi jahon chempionatida ham furor ko‘taradigan bo‘lsa, Yamal katta sahnaga chiqishi ham mumkin. Bundan tashqari, mundiallarda doim ham muvaffaqiyatli ishtirok etmayotgan Angliya terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritsa, u holda Xarri Keyn Oltin to‘p uchun asosiy da’vogarga aylanadi. Tanganing yana bir tomoni bor, agar Portugaliya jahon chempionatini, PSJ esa Yevropa Chempionlar ligasini yutadigan bo‘lsa, Vitinya va Joao Neveshning imkoniyatlari oshib ketadi. Ha, aytgan amaldagi Oltin to‘p sohibi Usmon Dembeleni ham chetda qoldirmasligimiz kerak.

Qisqasi, bo‘lajak mundial bu savollarning barchasiga yechim topib beradi. Jahon chempionati bahslariga 11-iyun kuni start beriladi.