Olis hududdagi toza suv — inson qadrining muhim mezoni
Inson uchun eng oddiy, ammo eng qadrli ne’matlardan biri — toza ichimlik suvidir. Uning sifati aholi salomatligi, turmush farovonligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonch bilan bevosita bog‘liq. Ayniqsa, markazdan yuzlab kilometr uzoqda joylashgan olis hududlarda istiqomat qilayotgan aholini sifatli va xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlash bugungi kunda davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biriga aylangan.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda aholining hayot sifatini yaxshilash, inson qadrini ulug‘lash, chekka va olis hududlarda ham zamonaviy infratuzilma yaratish, eng muhimi, har bir oilaga munosib turmush sharoitini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish va suv sifatini muntazam nazoratdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Buxoro viloyatida ham aholi salomatligi va sanitariya xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichimlik suvi sifati ustidan tizimli nazorat choralari kuchaytirilmoqda.
Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mas’ul xodimlari hamkorligida Peshku tumanining olis hududlarida aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bu galgi o‘rganish manzili oddiy hudud emas. Tuman markazidan 200 kilometrdan ortiq uzoqlikda joylashgan “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududi keng yaylovlari, o‘ziga xos turmush tarzi va tabiiy sharoiti bilan ajralib turadi.

Ma’muriy jihatdan “Safron”, “Qal’a Ota” va “Jongeldi” qishloqlaridan iborat mazkur hududda asosan qozoq millatiga mansub qardoshlarimiz istiqomat qiladi. Bu yerda aholi chorvachilik, yilqichilik, qisman dehqonchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yurt iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Mahallada 162 ta xonadon, 209 ta oila va jami 765 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning qayerda yashashidan, markazga qanchalik uzoqda ekanidan qat’i nazar, sifatli ichimlik suvidan foydalanish huquqi bir xil. Zero, inson qadri masofa bilan o‘lchanmaydi.
O‘rganishlar davomida “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Jongeldi” qishlog‘i hamda “Qal’a Ota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlaridagi ichimlik suvi ta’minoti tizimlari atroflicha ko‘zdan kechirildi. Mas’ul xodimlar tomonidan suv inshootlarining holati, suv tarmoqlarining ishlash jarayoni va aholiga yetkazib berilayotgan suvning sifati bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.
Eng muhimi, masala faqat tashqi ko‘rik bilan cheklanib qolmadi. Aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining O‘zMSt 133:2024 talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida ichimlik suvi inshootlari, suv tarmoqlari hamda ayrim aholi xonadonlaridan laboratoriya tahlillari uchun suv namunalari olindi.
Olingan namunalar Buxoro viloyati Peshku tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati laboratoriyasiga yuborildi. Endilikda suvning sifati bo‘yicha aniq xulosa laboratoriya tahlillari asosida beriladi. Tahlil natijalariga ko‘ra, mavjud holat yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda Markaziy apparatga taqdim etiladi.


Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim jihati shundaki, ular faqat yirik shaharlar yoki markaziy hududlar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Olis qishloq, keng yaylovlar bag‘ridagi xonadon, markazdan yuzlab kilometr uzoqdagi aholi ham e’tibordan chetda qolmayapti. Peshkudagi bu o‘rganishlar ham ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir. Chunki toza suv — shunchaki kommunal xizmat emas. U bolaning sog‘lom ulg‘ayishi, onaning xotirjamligi, keksalarning salomatligi, butun bir mahallaning farovon hayoti demakdir.
Olis hududda yashayotgan inson ham markazda yashayotgan fuqaro kabi sifatli xizmatdan foydalanishga haqli. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining asl mohiyati ham shunda — inson qayerda yashashidan qat’i nazar, uning hayoti, salomatligi va munosib turmushi davlat e’tiborida bo‘lishi lozim.


Shu bois ichimlik suvi sifatini nazorat qilishga qaratilgan bu kabi o‘rganishlar nafaqat bugungi holatni baholash, balki kelgusida muammolarning oldini olish, aholi salomatligini asrash va olis hududlarda yashovchi yurtdoshlarimiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Zero, taraqqiyotning haqiqiy mezoni — markazdagi obodlik emas, balki eng chekka manzildagi inson ham o‘zini e’tiborda his qilayotganidir. Olis Jongeldidagi har bir xonadonga sifatli ichimlik suvi yetib borishi esa inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistondagi ezgu islohotlarning eng hayotiy ko‘rinishlaridan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri