Ofitserlik sharafi va qasamyodiga sadoqat
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda uning tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy aviatsiya institutida tashkil etilgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, faxriylar, bitiruvchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Q.Tursunov, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari podpolkovnik S.Norqobilov, O‘zbekiston Qahramoni Abdumurod Bozorov, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Faxriylar kengashi raisi, zaxiradagi podpolkovnik Sh.Madiyev hamda boshqa mehmonlar qatnashdi.
Marosimning rasmiy qismida bitiruvchilarga diplom va ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. So‘zga chiqqanlar yosh ofitserlarni muhim hayot bosqichi bilan tabriklab, ularning Vatan himoyasi yo‘lidagi sharafli xizmatlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining salohiyatini yanada yuksaltirishda bilimli, jasur va vatanparvar harbiy kadrlarning o‘rni beqiyos ekani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, vatanparvarlik ruhidagi musiqiy dasturlar va sahnalashtirilgan chiqishlar namoyish etildi. Bu yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirib, bayramona kayfiyatni yanada yuksaltirdi.
[gallery-30031]
Tantanali marosim yosh ofitserlarning mustaqil xizmat faoliyatiga yo‘l olishida unutilmas voqea sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Ular endi yurtimiz osmoni musaffoligi va mamlakat xavfsizligini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani bajarishga kirishadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA