Odamlar dardi — e’tiborda, tashabbuslar — amaliy yechimda
Bugungi Yangi O‘zbekistonda islohotlarning eng muhim mezoni — inson qadri, uning roziligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchidir. Shu bois davlat siyosatida xalq bilan ochiq muloqot qilish, odamlarning dardini eshitish, muammolarni qog‘ozda emas, bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish va ularga amaliy yechim topish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Ayniqsa, davlat rahbari tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar jarayonida ilgari surilayotgan tashabbuslar mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu tashabbuslar hayotda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Ana shu ezgu maqsadlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari E. Aslonova va M. Baratova Buxoro viloyatining Kogon shahrida bo‘lib, aholi, tadbirkorlar, mahalla faollari hamda ijtimoiy soha vakillari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ilgari surilgan tashabbuslarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish hamda joylardagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalar keng tushuntirildi. Biroq bu galgi muloqotlarning ahamiyati faqat tushuntirish ishlari bilan cheklanmadi. Deputatlar odamlarning murojaatlarini joyida eshitib, muammoning ildizini ko‘z bilan ko‘rish, uning yechimi uchun mavjud imkoniyatlarni baholashga alohida e’tibor qaratdi.
O‘rganishlar avvalo 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotidan boshlandi. Muassasadagi sharoit bilan tanishish jarayonida kanalizatsiya va issiqlik tizimlarini ta’mirlash dolzarb masala ekani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida “Ochiq byudjet” tizimiga 1,5 milliard so‘mlik taklif kiritilgan. Ammo tashabbus yetarli ovoz to‘play olmagani bois amalga oshmay qolgan. Aslida, raqamlar ortida bolalarning salomatligi, ularning qulay va xavfsiz muhitda ta’lim-tarbiya olishi kabi juda muhim masalalar turibdi. Shu nuqtai nazardan deputatlar muassasadagi holatni atroflicha ko‘zdan kechirib, bu muammoni hal etish zarurligini ta’kidladi. Zero, bolalarga yaratilgan sharoit — jamiyatning ertangi kuniga bo‘lgan munosabatining ko‘zgusidir.
Keyingi manzil “Lokomotiv” sport o‘yingohi hududi bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida foydalanilmay turgan ikkita yer maydonidan samarali foydalanish, bu yerda boks hamda yunon-rum kurashi zallarini barpo etish tashabbuslari ilgari surilgani ma’lum bo‘ldi.
Yunon-rum kurashi zali qurilishi bo‘yicha tashabbus yetarli ovoz to‘plagan. Boks sport zaliga oid taklif esa kerakli miqdorda ovoz olmagan. Bu holat deputatlarning e’tiboridan chetda qolmadi. Chunki har bir sport inshooti — shunchaki bino emas. U yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, eng muhimi, yosh avlodni turli salbiy ta’sirlardan asrash uchun muhim maydondir.

Shu bois aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslarni amalga oshirish bilan birga, ovoz yetarli bo‘lmagan, ammo ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan loyihalar uchun ham muqobil yechimlar izlash zarurligi qayd etildi.
Deputatlar “Mutal Burxonov” nomli mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib, “yettilik” tizimi faoliyati bilan tanishdi.
Mahallada aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, fuqarolarning murojaatlari, bandlik va ijtimoiy masalalar bilan bir qatorda, kundalik hayotda odamlarga noqulaylik tug‘dirayotgan muammolar ham o‘rganildi. Xususan, ichki yo‘llarning nosozligi, ayrim ko‘chalarga asfalt yotqizish masalasi aholi uchun dolzarb ekani ma’lum bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, deputatlar murojaatlarni shunchaki qayd etish bilan cheklanib qolmadi. Muammolarning yechimi yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va maslahatlar berilib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi. Bu esa xalq bilan muloqotning yangi bosqichi — eshitishdan amaliy harakatga o‘tish davri boshlanganini ko‘rsatadi.
Tashrifning yana bir manzili — 1989-yilda qurilgan 64-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bugun bu muassasada 320 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda. 12 ta guruhda kichkintoylarga bilim va tarbiya berilayotgan bo‘lsa-da, binoning ta’mirtalab holati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muassasani ta’mirlash uchun “Ochiq byudjet” tizimi orqali 1,6 milliard so‘m mablag‘ ajratish taklifi ilgari surilgan. Biroq mazkur tashabbus ham yetarli ovoz to‘play olmagan. Shunga qaramay, eski va ta’mirtalab binoda mehnat qilayotgan xodimlarning fidoyiligi, kasbiga sadoqati va bolalarga bo‘lgan mehri deputatlarning e’tiborini jalb qildi.


Sharoit murakkab bo‘lsa-da, muassasa toza-ozoda saqlangan. Tarbiyalanuvchilar uchun imkoniyat darajasida munosib muhit yaratilgan. Bu esa har qanday bino va jihozdan ko‘ra qimmatli bir haqiqatni namoyon etadi: ta’lim va tarbiyada eng katta boylik — insonning mehri va mas’uliyatidir. Biroq fidoyilikni sharoitsizlik bilan sinash mumkin emas. Shu bois muassasani ta’mirlash masalasini hal etish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish va zarur mablag‘ manbalarini izlash bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi.
Kogon shahridagi o‘rganishlar bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatdi: joylardagi har bir muammoning ortida inson taqdiri, bola kelajagi, oila farovonligi yoki mahallaning ertangi qiyofasi turibdi. Shu ma’noda “Ochiq byudjet” tizimi fuqarolarning o‘z hududi taqdiriga bevosita daxldor bo‘lishini ta’minlayotgan muhim mexanizmlardan biri bo‘lmoqda. Biroq ayrim ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarning ovoz yetishmasligi sabab amalga oshmay qolishi ularni mutlaqo e’tiborsiz qoldirish kerak degani emas.
Aksincha, deputatlarning joylardagi o‘rganishlari ana shunday masalalarga qo‘shimcha yechimlar topish, mas’ul tashkilotlarni jalb etish, mavjud imkoniyat va zaxiralardan samarali foydalanish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Tashrif yakunida aniqlangan muammolarni hal etish, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borish va aholi murojaatlarining ijrosini nazoratga olish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Bugun xalq davlat idoralaridan faqat va’da emas, amaliy natija kutmoqda. Bir ko‘chaning asfalt qilinishi, bir bog‘chaning ta’mirlanishi, bir sport zalining qurilishi yoki bir oilaning muammosi hal etilishi islohotlarning inson hayotidagi eng oddiy, ammo eng ta’sirchan ko‘rinishidir.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan xalq bilan ochiq va yuzma-yuz muloqot qilish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mahalladagi muammolarni “mahallabay” o‘rganish va ularga amaliy yechim topish tamoyilining mohiyati ham shunda. Kogon shahridagi bugungi muloqot va o‘rganishlar ham shu ezgu maqsadning hayotiy ifodasi bo‘ldi. Zero, islohot odamlar hayotida sezilsa — u haqiqiy islohotdir. Muammo eshitilsa — uning yechimiga yo‘l ochiladi. Inson dardiga e’tibor qaratilsa — jamiyatda ishonch mustahkamlanadi.
Eng muhimi, bugun Kogonda odamlarning ovozi eshitildi. Muammolar ko‘rildi. Takliflar o‘rganildi. Endi esa ularni amaliy natijaga aylantirish barcha mas’ullarning umumiy vazifasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri